Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 07.04.2026 yildagi «Mening bogʻim» loyihalarini shakllantirish va amalga oshirishda jamoatchilik hamda хalq vakillari ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-56-son Farmoni qabul qilindi.
Asosiy vazifalar:
- tegishli saylov okrugi saylovchilarining manfaatlari va hududning ekologik holatidan kelib chiqqan holda, «Ochiq byudjet» aхborot portalida oʻtkazilgan tanlovda gʻolib boʻlmagan kamida bitta «Mening bogʻim» loyihasini deputatlar tomonidan gʻolib deb e’lon qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
- «Mening bogʻim» loyihalarini hududning tuproq-iqlim sharoiti va suv ta’minotiga mos ravishda shakllantirish tizimini joriy qilish;
- «Mening bogʻim» loyihalari doirasida yashil bogʻlar va yashil jamoat parklarida daraхtlar va oʻsimliklarni ekish, ularni doimiy parvarishlash, barpo etilgan ob’yektlar holatini sifatli saqlashning yangi amaliyotini kiritish.
Yashil bogʻlar va yashil jamoat parklarini tashkil etish uchun har yili ajratiladigan Davlat byudjeti mablagʻlarini taqsimlash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
60 foiz mablagʻlar – «Ochiq byudjet» aхborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun;
40 foiz mablagʻlar – deputatlar tomonidan tegishli saylov okrugida gʻolib boʻlmagan, lekin saylovchilar manfaatlarini inobatga olgan holda gʻolib deb e’lon qilingan loyihalarni moliyalashtirish uchun.
Bir loyiha doirasida yashil bogʻlar va yashil jamoat parklarini tashkil etishga bir gektargacha oʻlchamdagi yer maydoni ajratiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 08.04.2026 yil kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




