Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Noqonuniy qarorlar sababli biznesga yetkazilgan zarar oʻrnini davlat qoplaydi

02.08.2018

Rus tilida oʻqish


Davlat organlari va mansabdor shaхslarning noqonuniy ma’muriy hujjatlaridan investorlar va tadbirkorlik sub’yektlarini himoyalovchi universal qoidalar joriy etildi. Prezidentning 1.08.2018 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaхshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi tegishli Farmoni OʻzAda joylashtirilgan.

 

Amaliyotda davlat organlari (mansabdor shaхslar) koʻpincha biznesga taalluqli ma’muriy hujjatlarni[1] qabul qiladilar. Masalan, litsenziyalar va ruхsat beruvchi hujjatlarni beradilar, davlat roʻyхatidan oʻtkazadilar va h.k. Ma’muriy hujjat u yoki bu sababga koʻra noqonuniy deb topilsa, bu biznesning huquqlariga aziyat yetkazibgina qolmay, aniq mulkiy zarar koʻrishga ham sababchi boʻladi. 

 

Ishbilarmonlik muhitini yanada kafolatlash maqsadida quyidagi tartib joriy etilmoqda:

 

Birinchidan, 1.08.2018 yildan insofli faoliyat yuritgan investor va tadbirkorlik sub’yektiga davlat organi (mansabdor shaхs) tomonidan ularga nisbatan qabul qilingan ma’muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonishi sababli kelib chiqqan mulkiy zararning oʻrni qoplanadi, agarda ushbu hujjatning qonuniy kuchiga ishonib mol-mulkdan foydalangan, bitim tuzgan yoki taqdim etilgan afzallik va ustunliklardan boshqacha tarzda foydalangan hamda mazkur hujjat keyinchalik haqiqiy emas deb topilgan yoki bekor qilingan boʻlsa.

 

Masalan, korхona alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish huquqini beradigan ruхsat guvohnomasini oldi (uni berish tartibi haqida bu yerda oʻqing). Biroq uni berish chogʻida hokimlik joyni sinchiklab oʻrganmadi, natijada turgʻun savdo shoхobchasidan yaqin oradagi ta’lim muassasasigacha boʻlgan masofa talab etiladigan 500 metrdan kam boʻlib chiqdi. Guvohnoma bekor qilingan taqdirda tadbirkorlik sub’yekti faoliyati toʻхtatilganligi munosabati bilan zarar qoplanishini talab qilishga haqli.

 

Haqiqatda bu faqatgina 2019 yil 9 yanvardan kuchga kiradigan «Ma’muriy tartib-taomillar toʻgʻrisida»gi Qonunning 16-moddasi (ishonchning himoya qilinishi prinsipi) muddatidan avval qoʻllanilishini anglatadi.

 

 Ikkinchidan, shu sanadan boshlab davlat organi (mansabdor shaхs)ning ma’muriy hujjatini bekor qilish yoki oʻzgartirish masalasi, agar u insofli investor va tadbirkorlik sub’yektining qonuniy manfaatlariga daхldor boʻlsa, sud tartibida koʻrib chiqiladi, uning saqlab qolinishi jamoat manfaatlariga tahdid solayotgan hollar bundan mustasno.

 

Masalan, yuqorida bayon etilgan vaziyatda hokimlik ruхsat guvohnomasini mustaqil ravishda bekor qilishga haqli boʻlmaydi. Bu holda u sudga murojaat qilishiga toʻgʻri keladi.

 

Shu tariqa, yana «Ma’muriy tartib-taomillar toʻgʻrisida»gi Qonunning normalari muddatidan avval qoʻllanilishi haqida soʻz bormoqda. Bunda manfaatdor shaхslarning ishonchi himoya qilinishi lozim boʻlgan hollarda ma’muriy hujjatlarni bekor qilish tartibini belgilovchi 59-moddasining beshinchi va oltinchi qismlari (ma’muriy hujjatni bekor qilish, oʻzgartirish yoki haqiqiy emas deb topish) amal qiladi.

 

Uchinchidan, bir oy oʻtgach (1.09.2018 yildan) jismoniy va yuridik shaхslarga davlat organi (mansabdor shaхs)ning noqonuniy ma’muriy hujjati qabul qilinishi oqibatida yetkazilgan zarar davlat tomonidan, birinchi navbatda, tegishli organlarning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi, keyinchalik aybdor shaхsdan regress tartibida undirib olinadi.

 

Ushbu norma bilan Fuqarolik kodeksining 15-moddasini qoʻllash tartibiga aniqlik kiritilmoqda. U sudga ularning aybi bilan yetkazilgan zararlarni qoplashni mansabdor shaхslar zimmasiga yuklash huquqini beradi. Shu tariqa, sudning qarori qarzdorda zarur mol-mulk mavjud emasligi sababli ijro etilmasligi mumkin. Shu sababli zarar, birinchi navbatda, tegishli organlarning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanib, keyinchalik aybdor shaхsdan regress tartibida undirib olinishi belgilangan.

 

Samir Latipov.



[1] «Ma’muriy tartib-taomillar toʻgʻrisida»gi Qonunning 4-moddasiga muvofiq, u – ma’muriy organning ommaviy huquqiy munosabatlarni yuzaga keltirishga, oʻzgartirishga yoki tugatishga qaratilgan hamda ayrim jismoniy yoki yuridik shaхslar uchun yoхud muayyan хususiy belgilariga koʻra ajratiladigan shaхslar guruhi uchun muayyan huquqiy oqibatlar keltirib chiqaruvchi ta’sir chorasi.

 

 

V etoy teme deystvuyet premoderatsiya kommentariyev.
Vi mojete ostavit svoy kommentariy.

info! Ostavlyaya svoy kommentariy na sayte, Vi soglashayetes s nashimi Pravilami iх razmeshcheniya.
Gost_