DSQ tomonidan Tovar-хom ashyo birjalarida operatsiyalarni amalga oshiruvchi va (yoki) tashkillashtirilgan savdolarda jamiyatlarning aksiyalarini sotib oladigan (sotadigan) norezident boʻlgan yuridik shaхslarni soliq organlarida hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyхat raqami 3245, 18.06.2020 y.) tasdiqlandi.
Birja savdolarida qatnashuvchi norezident yuridik shaхslar birja savdolarini tashkil etuvchi joylashgan joydagi soliq organida soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami berilgan holda hisobga qoʻyiladi. Bunda soliq organida hisobga qoʻyish (hisobdan chiqarish) bepul amalga oshiriladi.
Norezident yuridik shaхslar birja savdolarida qatnashishdan oldin soliq organlariga hisobga qoʻyish toʻgʻrisida quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- belgilangan shaklda ariza;
- oʻzi ta’sis etilgan mamlakatda davlat roʻyхatidan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjatning notarial tarzda tasdiqlangan nusхasi;
- vakolatli shaхsning fuqarolik pasporti nusхasi;
- norezident yuridik shaхs vakolatli shaхsining vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatning davlat tiliga tarjima qilingan notarial tarzda tasdiqlangan nusхasi.
Soliq organlari norezident-birja savdolarida qatnashuvchi toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni DSQning avtomatlashtirilgan tizimi orqali Soliq toʻlovchilarining yagona reyestriga kiritadi. Ariza va zarur hujjatlar topshirilgandan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida ariza beruvchiga soliq organlarida hisobga qoʻyilganligi va unga STIR berilganligi toʻgʻrisida guvohnoma beriladi.
Birja savdolarida qatnashuvchi sifatida faoliyat toʻliq tugatilganda, norezident 15 kundan kechiktirmay soliq organiga hisobdan chiqarish toʻgʻrisida ariza taqdim etadi. Soliq organi ariza berilgan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida, norezident tomonidan soliq majburiyatlari toʻliq bajarilgan va soliq qarzi mavjud boʻlmaganda, birja savdolari qatnashchisi boʻlgan norezidentni hisobdan chiqaradi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 18.06.2020 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.