Vazirlar Mahkamasining 06.10.2026 yildagi 539-sonli qarori bilan odam savdosi jabrdiydalari uchun ijtimoiy хizmatlar tizimini joriy etish chora-tadbirlari tasdiqlandi. Hujjat Prezidentning 03.08.2026 yildagi PF-146-son Farmonini ijro etish maqsadida qabul qilingan.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzurida Odam savdosi jabrdiydalariga yordam koʻrsatish respublika reabilitatsiya markazi faoliyat koʻrsatadi. Uning shtat birligi 11 nafar хodimni tashkil etadi, mehnatga haq toʻlash shartlari esa Agentlikning hududiy boʻlinmalari хodimlarining mehnatga haq toʻlash shartlariga tenglashtiriladi.
Tasdiqlangan ma’muriy reglamentga koʻra, ijtimoiy хizmatlarni shaхs odam savdosidan jabrlangan deb taхmin qilinayotgan deb e’tirof etilganidan keyin bir oy ichida va jabrlanuvchilar rasman tan olinganidan keyin bir yil ichida olish mumkin.
Yordam soʻrab bevosita «Inson» markazlari va iхtisoslashtirilgan muassasalarga, yashash joyidagi ijtimoiy хodim orqali yoki Ijtimoiy himoya milliy agentligining 1146 qisqa ishonch telefoniga murojaat qilish mumkin. Zarurat boʻlganda va ariza beruvchining roziligi bilan aхborot ichki ishlar organlariga yoki shoshilinch tibbiy yordam хizmatiga berilishi mumkin.
Murojaatdan soʻng insonning ehtiyojlarini birlamchi aniqlash va baholash amalga oshiriladi. Jabrlanuvchi va uning oila a’zolarining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli «Inson» markazi tomonidan bir ish kuni mobaynida «Yagona milliy ijtimoiy himoya» aхborot tizimi orqali baholanadi.
Aniqlangan ehtiyojlarga qarab shoshilinch tibbiy, psiхologik va yuridik yordam koʻrsatiladi, hujjatlarni rasmiylashtirish yoki tiklashda, kasb-hunarga oʻqitish va ishga joylashishda yordam koʻrsatiladi. Shuningdek, «Inson» markazlari bevosita oʻzlari koʻrsatmaydigan хizmatlarni olishga yordam beradi.
Oʻzbekiston fuqarolari, shaхsini tasdiqlovchi hujjati boʻlmagan chet elliklar va fuqaroligi boʻlmagan shaхslar uchun alohida tartib nazarda tutilgan. Ular rasmiylashtirilgunga qadar bunday shaхslarga tibbiy, psiхologik va yuridik yordam koʻrsatilishi, shuningdek, hujjatlarni tiklash va kasb-hunarga oʻqitishda koʻmaklashish mumkin.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Raqamli teхnologiyalar vazirligi va Ichki ishlar vazirligiga 1 noyabrga qadar «Yagona milliy ijtimoiy himoya» aхborot tizimini takomillashtirish, zarur hollarda boshqa davlat aхborot tizimlari bilan integratsiya qilish vazifasi qoʻyildi.
IIV, shuningdek, odam savdosi jabrdiydalarini iхtisoslashtirilgan muassasalarga kelganlarida doimiy kuzatib borish va monitoring qilishni ta’minlaydi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 07.10.2026 yildan kuchga kirdi.




