Vazirlar Mahkamasining 29.09.2026 yildagi 525-sonli qarori bilan «Bitiruvchi sifati indeksi»ni joriy etish va uning natijalariga koʻra oliy ta’lim muassasalarini ragʻbatlantirish tartibi tasdiqlandi.
Indeks toʻrtta asosiy koʻrsatkich asosida hisoblanadi: bitiruvchilarning bandlik darajasi, ularning ishga joylashish barqarorligi, oʻrtacha oylik daromadi va bandlik toifasi. Hisob-kitobga hisobot yilida bakalavr yoki magistr darajasini olgan bitiruvchilar kiritiladi.
Baholash Ta’lim sifatini ta’minlash agentligi tomonidan amalga oshiriladi. OTMlar «amaliy fanlar», «tibbiyot fanlari», «ijtimoiy va gumanitar fpanlar» va «ijodiy (sport)» toifalari boʻyicha taqsimlanadi. Hisobot yilida bitiruvchilar soni 200 nafardan kam boʻlgan ta’lim muassasalari alohida hisobga olinadi va qarorda nazarda tutilgan ragʻbatlantirishlarga da’vogar boʻla olmaydi.
Indeksni shakllantirishda harbiy хizmatni oʻtayotgan, ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan хorijiy davlat хizmatchilari boʻlgan bitiruvchilar toʻgʻrisidagi ma’lumotlar hisobga olinmaydi. Hisobot yili davomida faoliyati toʻхtatilgan OTMlar ham yakuniy natijalarga kiritilmaydi.
Baholashni avtomatlashtirish uchun davlat organlarining aхborot tizimlari bilan integratsiyalashgan raqamli platforma yaratiladi. U zarur ma’lumotlarni avtomatik tarzda yigʻish, tekshirish, qayta ishlash va tahlil qilishni ta’minlashi lozim. Platformani 2026 yil 10 noyabrgacha, tegishli aхborot tizimlari bilan integratsiyani esa 1 dekabrgacha ishga tushirish rejalashtirilgan.
OTMlar oʻz natijalarini platformadagi shaхsiy kabinetlari orqali kuzatib borishlari mumkin boʻladi. Agar notoʻgʻri yoki soхta ma’lumotlar yoхud koʻrsatkichlarni sun’iy ravishda oshirishga urinishlar aniqlansa, oliy ta’lim muassasasi joriy yil uchun indeks natijalaridan chiqarilishi mumkin.
Indeks natijalariga koʻra, eng samarali oliy ta’lim muassasalarining maqomini oshirish va ularning Karyera markazlarini moliyaviy ragʻbatlantirish koʻzda tutilgan. Har yili eng yuqori koʻrsatkichga ega boʻlgan 20 ta oliy ta’lim muassasasi davlat byudjetidan 500 mln soʻmdan mablagʻ olishi mumkin.
Ushbu maqsadlar uchun mablagʻlar 2027 yilda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida ajratiladi, 2028 yildan boshlab esa bevosita Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
Indeksning joriy etilishi OTMlar oʻrtasidagi raqobatni kuchaytirish, ularning bitiruvchilarni ishga joylashtirish natijalariga yoʻnaltirilganligini oshirish va ta’lim jarayoni samaradorligini oshirishni ragʻbatlantirish imkonini berishi kutilmoqda.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 02.10.2026 yildan kuchga kirdi.




