Prezidentning 2024 yil 27 iyundagi «Parrandachilik sohasini yanada qoʻllab-quvvatlash, zamonaviy genetik texnologiyalar va kooperatsiya tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-238-son qarori qabul qilindi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, «Parrandasanoat» uyushmasi va «Mikrokreditbank» ATBning xorijiy tajriba hamda kichik quvvatdagi parrandachilik xoʻjaliklari bilan kooperatsiya tizimiga asoslangan «Agroparranda klasteri» loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi takliflari ma’qullandi.
«Agroparranda klasteri» loyihasi quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:
- chorvachilik sohasini rivojlantirish uchun jalb etilgan xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan 40 million AQSh dollari;
- parrandachilik loyihalarini moliyalashtirishga «Mikrokreditbank» ATBga yoʻnaltirilgan mablagʻlar hisobidan 35 million AQSh dollari;
- loyiha tashabbuskorining 25 million AQSh dollari.
Bundan tashqari:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Soliq qoʻmitasining:
- 2030 yil 1 yanvarga qadar parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’yektlari yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini (ekin maydonlaridan tashqari) toʻlashdan ozod etish;
- 2024 yil 1 iyuldan boshlab parranda goʻshtini (TIF TN kodi 0207) eksport qilishda mavjud barcha cheklovlarni bekor qilish;
- 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab yangi soʻyilgan, sovitilgan yoki muzlatilgan uy parrandasi goʻshti va qoʻshimcha ozuqabop mahsulotlari (butun goʻsht, qanot, bel, boʻyin, okorochok, golen, son, qiyma va teri) Oʻzbekiston hududiga olib kirishda belgilangan bojxona boji boʻyicha berilgan imtiyozni bekor qilish;
«Parrandasanoat» uyushmasi hamda ATB «Mikrokreditbank»ning:
- respublikada parrandachilik sohasida, shu jumladan kooperatsiya tizimida parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «tayyor biznes» loyihalarini (kelgusi oʻrinda — «tayyor biznes» loyihalari) amalga oshirish;
- «Parrandasanoat» uyushmasi ta’sischiligidagi «Parranda investment» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan respublika hududlarida «tayyor biznes» loyihalarini ishlab chiqish, moliyalashtirish va amalga oshirish toʻgʻrisidagi takliflari ma’qullandi.
Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- Parrandachilik sohasini yanada qoʻllab-quvvatlash, zamonaviy genetik texnologiyalar va klaster tizimini joriy etish hamda naslchilik materiallari ishlab chiqarishni koʻpaytirish boʻyicha ishchi guruh tarkibi va uning vazifalari;
- 2024 yilda parranda tuxumi va goʻshti ishlab chiqarish hajmlari prognoz koʻrsatkichlari;
- 2024-2025 yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida goʻsht yoʻnalishidagi yirik sanoatlashgan parrandachilik korxonalarini tashkil etish quvvatlari;
- Parrandachilik sohasini kelgusida rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari;
- Parrandachilik sohasini rivojlantirish va genetik texnologiyalarni joriy etish boʻyicha «yoʻl xaritasi».
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 28.06.2024 yildan kuchga kirdi.
Saodat Usmanova



