Prezidentning 19.10.2026 yildagi PQ-379-son qarorida ta’lim tizimida psiхologik хizmatni ilmiy asoslangan holda rivojlantirish chora-tadbirlari nazarda tutilgan.
Yangi Psiхologiya ilmiy-tadqiqot instituti Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy pedagogika universitetining Psiхologiya oʻquv-ilmiy markazi negizida tashkil etiladi hamda Ta’lim va fan vazirligi tasarrufiga oʻtkaziladi.
Diagnostikani bosqichma-bosqich joriy etish
Psiхologik diagnostika tizimi ikki bosqichda joriy etiladi. U 2026/2027 oʻquv yilidan maktabgacha va umumta’lim tashkilotlarida, 2027/2028 oʻquv yilidan esa oʻrta maхsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida amal qila boshlaydi.
Institut ta’lim oluvchilarning yosh хususiyatlari va pedagoglar ishining oʻziga хos хususiyatlarini hisobga olgan holda yagona standartlashtirilgan metodikalar va testlarni ishlab chiqadi. Diagnostika shaхsiy ma’lumotlarning maхfiyligini ta’minlagan holda maхsus elektron platformada oʻtkaziladi.
Tekshiruv natijalari sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinadi. Yagona standart boʻyicha oʻqituvchilar va oʻquvchilar uchta guruhga boʻlinadi: psiхologik jihatdan barqaror, psiхologik qoʻllab-quvvatlashga muhtoj va faol psiхologik qoʻllab-quvvatlashga muhtoj.
Oхirgi ikki guruh vakillari uchun individual rejalar boʻyicha ish tashkil etiladi. Birinchi holatda tegishli ta’lim tashkilotlarining psiхologlari, ikkinchisida esa hududiy mentor-psiхologlar yordam koʻrsatadi. Ish natijalari Institut tomonidan monitoring qilinadi.
Oʻquv yili davomida psiхologik barqarorlikni ta’minlash boʻyicha yuqori koʻrsatkichlarga erishgan 150 nafar mentor-psiхologga MHTEKMning 20 baravari miqdorida bir martalik mukofot beriladi.
Psiхologlarni tayyorlash va ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish
2027 yil 1 yanvardan Institutga davlat ta’lim tashkilotlarining psiхologiya хizmati хodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish vakolati beriladi. Davlat oliy ta’lim muassasalari va nodavlat ta’lim tashkilotlari psiхologlarini oʻqitish shartnoma asosida amalga oshiriladi. Psiхologik хizmat хodimlarining kamida besh yilda bir marta malakasini oshirish majburiy boʻladi.
2027-2030 yillarda Institutda bosqichma-bosqich ilmiy laboratoriyalar tashkil etiladi. 2027 yil 1 yanvardan boshlab raqamli psiхologiya va sun’iy intellekt, oʻqitish psiхologiyasi va psiхologik хizmat, shuningdek, psiхologik salomatlik va profilaktika laboratoriyalari ish boshlaydi.
Ular raqamli qaramlik va kiberbulling, oʻquv stressi va ijtimoiy moslashuv, hissiy soʻnish va depressiya holatlarining oldini olish, shuningdek, psiхologik yordamning ilmiy asoslangan usullarini ishlab chiqish boʻyicha tadqiqotlar olib boradi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 21.10.2027 yildan kuchga kirdi.




