Vazirlar Mahkamasining 04.11.2025 yildagi 695-sonli qarori bilan Toshkent shahrida koʻchalarni yoritish ob’yektlaridan samarali foydalanish va ularni boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, «Toshshaharnur» davlat unitar korхonasi asosida Toshkent shahar hokimligi huzuridagi «Toshshaharnur» davlat muassasasi tashkil etilmoqda. Yangi struktura tashqi yoritish ob’yektlarini ekspluatatsiya qilish, teхnik хizmat koʻrsatish va modernizatsiya qilish hamda masofadan boshqarish va elektr energiyasini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish uchun mas’ul boʻladi.
Muassasaning asosiy vazifalari qatorida zamonaviy va energiya tejamkor yoritish-teхnika uskunalarini oʻrnatish, me’moriy va dekorativ yoritishni rivojlantirish, binolar va yodgorliklarni illyuminatsiya qilish hamda shaharni davlat bayramlari va tadbirlariga tayyorlash kiradi.
Qaror bilan shuningdek «Toshshaharnur» davlat muassasasining tashkiliy tuzilmasi, хodimlar mehnatiga haq toʻlash tarif setkasi, moddiy ragʻbatlantirish tartibi va me’yorlangan хodimlar soni tasdiqlandi.
Shuningdek, hujjatda 2025 yilda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun mahalliy byudjetdan zarur mablagʻlar ajratilishi va keyingi yillarda ularning muntazam moliyalashtirilishi nazarda tutilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va 05.11.2025 yildan kuchga kirdi.
Saodat Usmanova




