Prezident tomonidan 8.02.2021 yildagi «Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi OʻRQ-670-son Qonun imzolandi.
Hujjatga muvofiq quyidagilarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi:
- Konstitutsiyaga;
- «Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari toʻgʻrisida»gi Konstitutsiyaviy qonunga;
- «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida»gi Qonunga;
- Saylov kodeksiga.
Birinchidan, Prezident saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi (ilgari – dekabr oyi) uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkaziladi.
Ikkinchidan, saylovda siyosiy partiyalarning ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻlar («Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida»gi Qonunning 8-m. 4-q.) quyidagilarga sarflanishi kerak:
- tashviqot olib borishga;
- nomzodlarning ishonchli vakillari va tashviqot oʻtkazish uchun jalb oʻilinadigan boshqa faollar ishini tashkil etishga;
- saylov kampaniyasini oʻtkazishga doir umumpartiyaviy tadbirlarga.
Shuningdek, endi siyosiy partiya saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun oʻzga ajratilgan davlat mablagʻlari yuzasidan oraliq va yakuniy hisobotlarni taqdim etishi lozim. Siyosiy partiyalarning hisobotlari uning rasmiy veb-saytlarida va bosma nashrida e’lon qilinadi.
Uchinchidan, Prezident saylovini, Qonunchilik palatasi deputatlari, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha saylov uchastkalari tumanlar va shaharlar hokimliklarining taqdimnomasiga binoan okrug saylov komissiyalari tomonidan, tuman, shahar Kengashlari deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha saylov uchastkalari esa tuman, shahar saylov komissiyalari tomonidan tuziladi (Saylov kodeksining 10-m. 1-q.).
Ushbu kodeksning 29-moddasi 1-qismi quyidagi jumla bilan toʻldirildi: Chet davlatlarda turgan fuqarolarga saylovchilar roʻyхatidagi oʻziga tegishli ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati TIV, Oʻzbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatхonalari rasmiy veb-saytlari orqali ham ta’minlanadi.
Endi saylovchilarning roʻyхatiga saylovgacha oʻzgartirishlar kiritish toʻхtatiladigan muddat 3 kundan 5 kunga oʻzgartirildi (Saylov kodeksining 29-m. 5-q.).
Boshqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar ham kiritilgan.
Hujjat «Xalq soʻzi» gazetasida e’lon qilingan.
Nargiza Vohidova.