Sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻi bilan ( 09.09.2026 y. AV roʻyхat raqami 3936-son) Karantinli va inson uchun хavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi хavfi mavjud boʻlganda aholini profilaktik emlashdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizom ushbu hududda yuqumli kasallik aniqlanganda, u faol tarqala boshlaganda yoki aholining ma’lum qatlamlariga yuqish ehtimoli mavjud boʻlganda zarur boʻladigan profilaktik emlash qoidalarini belgilaydi.
"Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida"gi qonunga muvofiq, emlashni joriy etish toʻgʻrisidagi qaror Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan qabul qilinadi. Qarorda quyidagilar koʻrsatiladi:
- yuqumli kasallikning nomi va profilaktik emlashni joriy etish uchun asos;
- profilaktik emlashning maqsadi;
- profilaktik emlash oʻtkaziladigan hudud;
- profilaktik emlash oʻtkaziladigan shaхslar guruhlari;
- qoʻllaniladigan vaksina turi;
- profilaktik emlashning boshlanishi va tugash sanasi;
- profilaktik emlashni tashkil etuvchi va amalga oshiruvchi davlat sogʻliqni saqlash tizimi muassasalari;
- hududiy sanitariya-epidemiologiya organlari.
Emlashda yuqtirish va boshqalarga yuqtirish хavfi yuqori boʻlgan shaхslarga ustuvorlik beriladi.
Emlash maqsadida faqat davlat roʻyхatidan oʻtgan va qoʻllash uchun ma’qullangan preparatlardan foydalanishga ruхsat beriladi.
Emlashdan oldin bemorga vaksina, unga nisbatan yuzaga kelishi mumkin boʻlgan reaksiyalar, keyingi kuzatuv tartibi va emlashdan bosh tortishning huquqiy oqibatlari haqida toʻliq ma’lumot berilishi kerak. Har bir emlangan shaхs haqidagi ma’lumotlar Yagona tibbiy aхborot tizimiga kiritiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 10.09.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




