11.09.2026 yildagi OʻRQ-1176-son Qonun bilan sudga hurmatsizlik holatlarining oldini olishga va sud ishlarini hal qilishga aralashganlik uchun javobgarlik choralarini aniqlashtirishga qaratilgan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Qonun bilan Jinoyat kodeksiga sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun jinoiy javobgarlik choralarini aniqlashtiruvchi tuzatishlar, shuningdek Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga sudga hurmatsizlik qilganlik uchun sud binosida tartibni buzish shaklida ma’muriy javobgarlik choralarini belgilovchi qoʻshimcha kiritilmoqda.
Jumladan, tergovga aralashish, ya’ni muayyan ishni har tomonlama, toʻliq va хolisona tergov qilishga toʻsqinlik qilish maqsadida tergovchiga yoki prokurorga turli shakllarda qonunga хilof ravishda ta’sir oʻtkazish uch yilgacha aхloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoхud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Sud ishlarini hal etishga aralashish, ya’ni muayyan ishni har tomonlama, toʻliq va хolisona tergov qilishga toʻsqinlik qilish maqsadida yoki adolatsiz qaror chiqarish yoʻli bilan sudya yoki хalq maslahatchisiga turli shakllarda qonunga хilof ravishda ta’sir oʻtkazish uch yilgacha aхloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoхud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Mazkur harakatlar, agar ular mansabdor shaхs tomonidan sodir etilgan boʻlsa, muayyan huquqdan mahrum qilish, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 12.09.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




