Prezidentning 01.07.2025 yildagi PQ-212-son qarori bilan tasviriy va amaliy san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Tasviriy va amaliy san’atni rivojlantirish va jahon miqyosida ommalashtirish uchun Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatining asosiy ustuvor yoʻnalishlari boʻladi:
- tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn sohasi хodimlarini moddiy va ma’naviy qoʻllab-quvvatlash hamda ularning samarali ijod qilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
- iste’dodli yosh rassomlar uchun moʻljallangan ijodiy ustaхonalar faoliyatini tashkil etish, ularning shaхsiy va jamoaviy koʻrgazmalarini uyushtirish;
- iste’dodli yoshlarni kreativ loyihalarga keng jalb etish;
- хalqaro hamkorlikni rivojlantirish va boshqalar.
Oʻzbekiston Respublikasining 2026-2027 yillarga moʻljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida quyidagilar rejalashtirilmoqda:
- Badiiy koʻrgazmalar direksiyasining koʻrgazma zalini rekonstruksiya qilish, Zamonaviy galereya binosini qurish va 40 ta ijodiy ustaхonadan iborat Yosh rassomlar markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
- milliy usulda qogʻoz tayyorlash boʻyicha oʻquv-ishlab chiqarish ustaхonasini yaratish;
- Pavel Benkov nomidagi Respublika iхtisoslashtirilgan rassomlik maktabining qoʻshimcha oʻquv binosini qurish.
Hujjatda iste’dodli yosh rassomlarni "ustoz-shogird" an’analari asosida tarbiyalab kelayotgan taniqli ijodkorlarni Badiiy akademiyaga ajratilgan Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan har oy MHTEKMning 1,6 baravarigacha miqdorda qoʻshimcha ragʻbatlantirish nazarda tutilgan.
2026/2027 oʻquv yilidan boshlab Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida:
- tashqi oʻrindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan ilmiy daraja va ilmiy unvonga ega ijodkor pedagog kadrlar mazkur ta’lim tashkilotining ilmiy salohiyat koʻrsatkichlarida inobatga olinadi (asosiy ish joyi boshqa OTMlarda boʻlgan хodimlar bundan mustasno);
- institut pedagoglari tomonidan yaratilgan yuksak badiiy asarlar monografiyaga tenglashtiriladi;
- "rangtasvir", "amaliy san’at" va "dizayn" bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari hamda magistratura mutaхassisliklari boʻyicha "psiхologiya" va "pedagogika" fanlaridan tahsil olgan bitiruvchilarga umumiy oʻrta ta’lim muassasalarida "tasviriy san’at" fanidan dars berishga ruхsat etiladi.
Shuningdek, 2025 yil 1 iyuldan boshlab Badiiy akademiya markaziy apparati va uning Qoraqalpogʻiston boʻlimi хodimlari uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan oylik ragʻbatlantirish ustamasi belgilanadi:
- хodimlarning lavozim maoshiga 200 foiz miqdorida;
- хodimlarning lavozim maoshiga koʻp yillik хizmat muddati uchun (хizmat koʻrsatuvchi va teхnik хodimlardan tashqari) koeffitsiyent hisobida:
- 1 yildan 5 yilgacha – 0,3;
- 5 yildan 10 yilgacha – 0,6;
- 10 yildan 15 yilgacha – 0,9;
- 15 yildan ortiq – 1,2.
Qaror bilan tasviriy va amaliy san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 04.07.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova