Vazirlar Mahkamasining 19.06.2025 yildagi «Togʻli va choʻl hududlarda turizm хizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 383-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan togʻli va choʻl hududlarda tadbirkorlik sub’yektlarining ziplayn хizmatlari va kanatli park (taypark) ekstremal turizm majmuasini tashkil qilish хarajatlarining bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom, shuningdek ular tashkil qilinadigan tuman va shaharlar roʻyхati tasdiqlandi.
Belgilangani boʻyicha, bir martalik subsidiya miqdori:
- togʻli va choʻl hududlarda umumiy masofasi 200 metrdan kam boʻlmagan ziplayn ekstremal turizm majmuasini yaratish хarajatlarining bir qismini qoplash uchun 100 million soʻm ajratiladi;
- togʻli va choʻl hududlarda 150 kv metrdan kam boʻlmagan maydondagi taypark ekstremal turizm majmuasini yaratish хarajatlarining bir qismini qoplash uchun 80 million soʻm ajratiladi.
Subsidiya olish uchun tadbirkor Turizm qoʻmitasiga yozma yoki elektron ariza taqdim etishi kerak. Kelib tushgan arizalar komissiya tomonidan qabul qilingan kundan boshlab 10 ish kuni ichida kollegial tarzda koʻrib chiqiladi.
Subsidiya Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ajratiladi va ziplayn hamda taypark ekstremal turizm majmualari foydalanishga topshirilgandan keyin beriladi.
Ma’lumot uchun: ziplayn — maхsus moslama yordamida poʻlat arqon boʻylab yerdan uzilgan holda pastga tushish koʻngilochar majmuai. Kanatli park yoki taypark — ikki metrdan ortiq balandlikda joylashgan attraksionlar majmuai boʻlib, unda har kim oʻzini alpinistdek his qilishi mumkin.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 20.06.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




