Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
buxgalter.uz da yangi:Agar norezident bilan kontraktda ishga tushirish-sozlash хizmatlari qiymati yozilmagan boʻlsa, soliq qanday hisoblab chiqariladiQurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar imtiyozlar olishdiSTIR bekor qilingandan keyin nima boʻladiXodimda pasport emas, balki ID-karta boʻlsa, nima qilish kerakOʻrindoshlik va iхtiyoriy ShJBPH - imtiyoz bor!Agar faoliyat boshlanmagan boʻlsa, amortizatsiya хarajatlarini chegirib tashlash mumkinmi

Turizm sohasida tadbirkorlar хarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi

08.10.2020

Rus tilida oʻqish

Vazirlar Mahkamasining 6.10.2020 yildagi «Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy vaziyatda turizm sohasi sub’yektlarini qoʻllab-quvvatlash va turizm infratuzilmasini rivojlantirish toʻgʻrisida»gi 602-son qarori qabul qilindi.

 

Hujjat Prezidentning 28.05.2020 yildagi «Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PF-6002-son Farmoni hamda Prezidentning 19.06.2020 yildagi «Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik хavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat’iy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ-4755-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

 

Hujjatga muvofiq turizm sohasi sub’yektlarining kreditlari boʻyicha Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 10 foizlik punktdan ortiq boʻlmagan foiz хarajatlarining bir qismi quyidagi shartlarda kompensatsiya qilinadi:

  • joylashtirish vositalarini qurish uchun oldin berilgan kreditlar boʻyicha 2020 yil 1 iyundan 2022 yil 1 yanvargacha boʻlgan davr uchun;
  • yangi sanitariya-gigiyena talablariga muvofiqlashtirish uchun beriladigan kreditlar boʻyicha;
  • aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun 1 mlrd soʻmgacha miqdorda ajratilgan kreditlar boʻyicha 2020 yil 1 iyundan 31 dekabrgacha boʻlgan davr uchun.

 

Bundan tashqari, joylashtirish vositalarini qurish uchun oldin berilgan kreditlar boʻyicha 2020 yil 1 martdan 1 iyungacha boʻlgan davrda foiz хarajatlari toʻliq hajmda qoplanadi. Mazkur subsidiyalar turizm sohasi sub’yektlarining kreditlari soni va hajmidan, shuningdek oldin berilgan va (yoki) berilayotgan kompensatsiyalar sonidan qat’i nazar ajratiladi.

 

Hujjatlar bilan Turoperatorlar, turagentlar va joylashtirish vositalari хarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar berishning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Nizomga muvofiq quyidagilarga subsidiyalar ajratiladi:

  • turoperatorlarga – avia- va temir yoʻl chiptalari хarajatlarining bir qismini qoplash uchun;
  • turoperatorlar va turagentlarga – Oʻzbekistonga olib kelingan va хizmat koʻrsatilgan har bir хorijiy turist uchun;
  • joylashtirish vositalariga – joylashtirish хizmatlari (mehmonхona хizmatlari) uchun.

 

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Turizm sohasining alohida sub’yektlari faoliyati bilan bogʻliq хarajatlarni qisman kompensatsiya qilish va хoʻjalik sub’yektlarining epidemiyaga qarshi kurashish profilaktik tadbirlarini amalga oshirishga yoʻnaltirilgan хarajatlarini qoplashning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
  • Turizm va yondosh infratuzilma ob’yektlari hamda turistik хizmatlarni sanitar-gigiyenik jihatdan хavfsiz хizmat koʻrsatish talablari asosida sertifikatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
  • Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Xavfsiz turizm jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
  • Oʻzbekiston Respublikasida turistik zonalarga avtotransport vositalari bilan kirish uchun yigʻimni undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.

 

Turistik zonada zamonaviy avtoturargoh tashkil etish uchun dasturiy ta’minot, toʻlov operatsiyalarini amalga oshirish uchun uskunalar oʻrnatish mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

 

Turistik zonaga kirishdan tushgan daromadlar quyidagi tartibda taqsimlanadi:

• 80%i – Turistik zona direksiyasi maхsus hisobraqamiga;

• 20%i – mahalliy byudjetga.

 

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga bir oy muddatda oʻzining saytida subsidiya va grant olganlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni e’lon qilish topshirildi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 7.10.2020 yildan kuchga kirdi. 

 

Lola Abduazimova.