Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Iqtisodiyot va moliya vazirligi MHMSni qoʻllaydigan tashkilotlar uchun hisobvaraqlar rejasini ishlab chiqdi Kassa modelingiz davlat reyestridan chiqarilgan boʻlsa, uni qancha muddatda almashtirish kerak Bir tomonlama EHF qanday rasmiylashtiriladi

Oʻquvchilarning ovqatlanishi jiddiy kuzatib boriladi

12.05.2016

Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 maydagi 132-son “Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori bilan quyidagilar tasdiqlandi:

 

Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (ilgari amalda boʻlgan, Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 20 avgustdagi 184-son qarori bilan tasdiqlangan Ta’lim muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish toʻgʻrisidagi nizom oʻz kuchini yoʻqotgan deb topildi);

 

2016-2020 yillarda umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etishni yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi;

 

2017-2020 yillarda ovqatlanish tizimi mavjud boʻlmagan umumiy oʻrta ta’lim muassasalarida oshxonalarni tashkil etish va jihozlash koʻrsatkichlari;

 

2017-2020 yillarda umumiy oʻrta ta’lim muassasalarida ishlamayotgan oshxonalarning faoliyatini tashkil etish va ularni qayta jihozlash koʻrsatkichlari.

 

Qarorga koʻra, Sogʻliqni saqlash vazirligining davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlariga ta’lim muassasalarining oshxonalarida sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek ularda foydalaniladigan texnologik jihozlarning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga mosligini, oshxonalar xodimlarining sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar bajarilishiga rioya etishini aniqlash yuzasidan Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi hamda uning hududiy komissiyalari bilan kelishuvlarsiz har chorakda bir marta nazorat ishlarini olib borish huquqi berildi.

 

Shuningdek ta’lim muassasalarining oshxonalarini ijaraga berish boʻyicha tanlov komissiyasiga qishloq joylardagi ta’lim muassasalari joylashgan hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatidan kelib chiqib, ularning oshxonalarini Davlat raqobat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari bilan kelishgan holda ijaraga berishda «nol» stavkasini belgilash vakolati berildi.

 

Endilikda yangi Nizom umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida (ilgari – umumta’lim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalarida) sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish tartibini belgilaydi.

 

Ilgarigidek, Nizom talablari davlat ta’lim muassasalari hududida faoliyat yurituvchi oshxonalarga nisbatan tatbiq etiladi.

 

Belgilanishicha, ta’lim muassasalarida sogʻlom ovqatlanish yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tadbirkorlik sub’yektlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va ta’lim muassasasining oʻzi tomonidan tashkil etiladi. Ilgari yakka tartibdagi tadbirkorlar bunday huquqqa ega emasdi.

 

Bunda sogʻlom ovqatlanish:

 

oʻquvchilar soni 400 nafardan ortiq boʻlgan ta’lim muassasalarida – yuridik shaxslar tomonidan;

 

oʻquvchilar soni 400 nafardan kam boʻlgan ta’lim muassasalarida – yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar yoki ta’lim muassasalari tomonidan tashkil etiladi.

 

Ta’lim muassasalarining oshxonalarini ijaraga berish boʻyicha tanlov oʻtkazilishi haqida har yili 10 iyunga qadar ommaviy axborot vositalarida hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari va ta’lim muassasalarining rasmiy veb-saytlari orqali e’lon beriladi. Ilgari tanlov oʻtkazilishi haqida tanlov oʻtkazilishidan kamida bir oy oldin viloyat yoki tuman (shahar) ommaviy axborot vositalarida e’lon berilardi.

 

Ilgarigidek, tanlovda davlat roʻyxatidan oʻtgan, umumiy ovqatlanish boʻyicha kamida 6 oy davomida faoliyat yuritayotgan, maxsus moddiy-texnika bazasi (zamonaviy texnologik jihozlar), oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar tayyorlash texnologiyasi boʻyicha mutaxassislari mavjud boʻlgan talabgorlar ishtirok etishi mumkin.

 

Tanlovda ishtirok etish uchun talabgorlar tomonidan tanlov komissiyasiga har yili 10 iyul soat 18.00 gacha ariza taqdim etiladi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

 

umumiy ovqatlanishni tashkil etish sohasidagi faoliyati, ish tajribasi toʻgʻrisida ma’lumotnoma;

 

maxsus moddiy-texnika bazasi va oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash texnologiyasi boʻyicha malakali mutaxassislar mavjudligi haqida ma’lumotnoma;

 

boʻsh aylanma mablagʻlari mavjudligi toʻgʻrisida bankning ma’lumotnomasi;

 

talabgorning ta’lim muassasasi oshxonasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha rejasi va takliflari;

 

talabgor tomonidan tasdiqlangan mavsumiy namunaviy taomnomalar.

 

Ilgari arizaga quyidagilar ilova qilinardi:

 

yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtganligi haqidagi guvohnoma nusxasi;

 

umumiy ovqatlanishni tashkil etish sohasidagi faoliyat, ish tajribasi toʻgʻrisida ma’lumotnoma;

 

maxsus moddiy-texnik baza va oziq-ovqat texnologiyasi boʻyicha malakali mutaxassislar mavjudligi haqida ma’lumotnoma.

 

Tanlovda birinchi marta gʻolib deb e’tirof etilgan talabgorlar bilan ijara shartnomasi shu davrdagi oʻquv yili uchun tuziladi. Ijara shartnomasi va boshqa majburiyatlarni zarur darajada bajargan talabgorlar bilan tuzilgan ijara shartnomasining muddati tanlov oʻtkazmasdan tanlov komissiyasi qaroriga asosan 5 yilgacha uzaytirilishi mumkin. Ta’lim muassasasi oshxonasida oziq-ovqat mahsulotlari va taomlarni tayyorlash hamda saqlashda sarflanadigan gaz, suv va elektr energiyasi uchun toʻlovlar alohida oʻrnatiladigan hisoblagichlarning koʻrsatkichlari asosida, ijaraga oluvchi hisobidan qoplanadi.

 

Aniqlashtirilishicha, tanlov komissiyasiga tanlovda qatnashish uchun birorta ham ariza tushmagan taqdirda, tanlov komissiyasi Davlat raqobat qoʻmitasi va Moliya vazirligining hududiy boshqarmalari bilan kelishgan holda sogʻlom ovqatlanishni oshxonasi ijaraga beriladigan ta’lim muassasasi oʻzi tomonidan tashkil etilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.

 

Belgilanishicha, ta’lim muassasalari oshxonalarida oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar oʻquvchilarning yoshlariga muvofiq ravishda tuzilgan haftalik taomnomalar asosida tayyorlanadi. Ushbu taomnomalar Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan tasdiqlangan oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibi (retsepturasi)ni belgilovchi namunaviy roʻyxatga asosan tuziladi.

 

Ta’lim muassasalari oshxonalari faoliyatini tashkil etuvchilar oʻz faoliyatini oʻquvchilarning ota-onalari bilan hamkorlikda yuritadi. Xususan, ular ota-onalar yigʻilishlarida oʻquvchilarning sogʻlom ovqatlanishi uchun tayyorlanayotgan taomlarning sifati va ovqatlanishni tashkil etishda koʻrsatiladigan xizmatlar toʻgʻrisida taqdimotlar va koʻrgazmalar oʻtkazadi.

 

Ta’lim muassasalari oshxonalarining faoliyat koʻrsatish samaradorligi oʻquvchilarning ovqatlanishga jalb etilishi darajasiga, shuningdek ta’lim muassasasi ma’muriyati tomonidan oʻquvchilar va ota-onalar oʻrtasida oʻtkaziladigan soʻrovnomalar natijalariga koʻra aniqlanadi.

 

Qolaversa, endilikda ta’lim muassasalarida oshxonalarda tayyorlanayotgan oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar sifatini oʻrganish boʻyicha komissiyalar tuziladi. Komissiya tarkibiga ta’lim muassasasiga biriktirilgan hamshira, ta’lim muassasasining sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish masalalari uchun mas’ul xodimi va oʻquvchilar ota-onalarining vakillari kiradi.

 

Hujjat davlat tilida qabul qilingan.

 

 

Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» axborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.

 

 

«Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yangi» sharhini

ekspert-yuristimiz Sardor JUMAShOV

tayyorladi.

 

Tahririyatdan. Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan ta’lim muassasalarining oshxonalarida ovqatlanishning tashkil etilishi Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatida (Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 7 yanvardagi 6-son qaroriga 1-ilova) nazarda tutilmagan. Taxmin qilinishicha, yakka tartibdagi tadbirkorlar ta’lim muassasalarining oshxonalarida oziq-ovqat tovarlarining chakana savdosi bilan shugʻullanadi – ushbu faoliyat Roʻyxatning 1-bandida koʻrsatilgan.