Vazirlar Mahkamasining 05.12.2024 yildagi «Uy qamogʻi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan va ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaхslarni elektron braslet orqali masofadan turib nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi VMQ-813-sonli qarori qabul qilindi.
Nizom:
- elektron braslet taqilishi belgilangan shaхslarning huquqlari va majburiyatlari;
- elektron braslet orqali masofadan turib nazorat qilish tartibini buzish uchun javobgarlik;
- elektron brasletga shikast yetkazilganda yoki yoʻqotilganda moddiy zararni undirish tartiblari bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi.
Elektron brasletlar 2025 yil 1 yanvardan boshlab bosqichma-bosqich qoʻllaniladi.
Elektron braslet uy qamogʻi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan yoki ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaхs oyogʻiga taqiladi. Shaхs oyogʻiga elektron brasletni taqish imkoniyati mavjud boʻlmagan hollarda (suyak sinishi, boshqa jarohatlar bilan tibbiy muolaja koʻrsatilgan va boshqalar) qoʻl qismiga taqilishiga ruхsat etiladi.
Elektron brasletni quyidagi shaхslarga qoʻllash mumkin emas:
- 18 yoshga toʻlmagan shaхslar;
- homilador ayollar;
- 3 yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollar;
- I yoki II guruh nogironligi boʻlgan shaхslar;
- tibbiy koʻrsatmaga koʻra elektron brasletni taqish tavsiya etilmaydigan shaхslar (implant qilingan kardiostimulyator oʻrnatilgan shaхslar, yuqumli teri kasalligi (allergo kontakt dermatit, teri zamburugʻi yoki qichima kasalligi) boʻlgan shaхslar).
Elektron braslet qoʻllaniladigan shaхslar quyidagilarni:
- elektron brasletni belgilangan vaqt ichida quvvatlab borishi;
- elektron brasletni oʻzboshimchalik bilan yechmasligi;
- elektron brasletga zarar yetkazish bilan bogʻliq harakatlarni amalga oshirmasligi shart.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 05.12.2024 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev