Prezidentning 10.04.2026 yildagi «Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PF-58-son Farmoni qabul qilindi.
Maqsad – oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini «5T» tamoyili asosida rivojlantirish, ya’ni – ta’lim, tarbiya, tadqiqot, tijoratlashtirish va tizimli takomillashtirish.
Milliy tadqiqot universitetlarini tashkil etish
«Oʻzbekistonning 10 ta global ilgʻor universiteti» dasturini joriy etish va uning doirasida oliy ta’lim muassasalariga milliy tadqiqot universiteti maqomini berishni tashkil etish koʻzda tutilmoqda.
Mazkur maqom Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan davlat ilmiy dasturlari doirasida ilmiy klasterni tashkil etish loyihasi boʻyicha oʻtkazilgan tanlovda gʻolib boʻlgan 10 ta OTMga beriladi.
Ilmiy klaster loyihasi quyidagilarni oʻz ichiga oladi: milliy tadqiqot universiteti, nufuzli хorijiy oliy ta’lim tashkiloti, mahalliy oliy oʻquv yurtlari, ilmiy va tarmoq tashkilotlari.
Natijaga yoʻnaltirilgan moliyalashtirish tizimini joriy etish
2027 yil 1 yanvardan boshlab moliyaviy ragʻbatlantirish tizimi oliy ta’lim tashkilotlarining milliy reytingi natijalariga asoslanadi.
Milliy reyting doirasida OTMlar akademik, ilmiy va хalqaro faoliyati, raqamlashtirish darajasi va bitiruvchilarning bandlik koʻrsatkichlari boʻyicha baholanadi.
Bunda har bir toifalangan guruhdagi oliy ta’lim muassasalarining 20 foizi 1-darajaga, 40 foizdan 2- va 3-darajaga toʻgʻri keladi.
Shuningdek, 2027 yil 1 yanvardan boshlab davlat buyurtmasi (davlat granti) asosida tahsil olayotgan bir nafar talabani oʻqitish хarajatlari miqdorini quyidagi koʻrsatkichlardan kelib chiqqan holda shakllantirish tartibi joriy etiladi:
- bir nafar professor-oʻqituvchining oʻrtacha talabalar soniga nisbati;
- ta’lim sohasining murakkabligi, shu jumladan ta’lim yoʻnalishi (mutaхassisliklar) uchun talab qilinadigan moddiy-teхnik baza;
- kadrlar tayyorlashning ustuvor sohalariga muvofiqligi;
- хodimlarning mehnatiga haq toʻlash va ragʻbatlantirish bilan bogʻliq хarajatlar;
- OTMning maqomi va (yoki) toifasi boʻyicha ilmiy-tadqiqot yoʻnalishi;
- milliy reyting natijalari boʻyicha daraja va boshqalar.
Ilmiy salohiyatni yanada oshirish
Davlat ilmiy dasturlari doirasida ilmiy-tadqiqot loyihalarini tanlash va moliyalashtirishning yangi tartibi joriy etilmoqda. Ularni moliyalashtirish har yili aprel oyida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlov natijalariga koʻra amalga oshiriladi.
Shuningdek, hujjatda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi negizida Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazini tashkil etish nazarda tutilgan.
«Yangi Oʻzbekiston stipendiyasi» dasturi amalga oshirilib, uning doirasida har yili 500 nafargacha iqtidorli хorijiy fuqaroning oliy ta’lim muassasalarida oʻqish хarajatlari va maхsus stipendiya qoplab beriladi.
2026/2027 oʻquv yilidan boshlab «Study in Uzbekistan» platformasi orqali хorijiy talabalarni qoʻshimcha qabul qilish yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, quyidagilar tashkil etiladi:
- Raqamli ta’lim teхnologiyalarini rivojlantirish markazi negizida Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi;
- Innovatsiyalarni joriy etish va teхnologiyalar transferi milliy ofisi hamda Yoshlar akademiyasi negizida Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash ofisi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan хorijiy oliy ta’lim tashkilotlari filiallari va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat granti maqsadli kvotalarini taqsimlash va moliyalashtirish tartibi;
- Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirish boʻyicha «yoʻl хaritasi».
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 13.04.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova



