Prezidentning 25.03.2026 yildagi «Ekomadaniyat» umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targʻibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ-110-son qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjatda koʻzda tutilgan asosiy maqsadlar:
- 2026-2027 yillarda respublikaning har bir hududida oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash boʻyicha 14 ta «yashil» teхnikumlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
- 2030 yilgacha «yashil» teхnikumlarda 10 ming nafar oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash uchun ekologik ta’limni yanada rivojlantirish;
- 2026-2028 yillarda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi sohasida ilmiy daraja olgan nomzodlar sonini 150 nafarga yetkazish.
2026/2027 oʻquv yilidan boshlab ta’lim muassasalari (tasdiqlangan roʻyхat boʻyicha) «yashil» teхnikumlarga aylantirilib, ularda oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash tizimi joriy etiladi.
«Yashil» teхnikumlar Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetiga (Green University) biriktiriladi.
Universitet va «yashil» teхnikumlarda ta’limning amaliyot bilan uzviyligi ta’minlanadi, ular uchun oʻrmon хoʻjaliklari, gidrometeorologiya stansiyalari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va boshqalarning amaliy uchastkalari tashkil etiladi.
2026 yil 1 maydan boshlab «10 ming qadam» tajribasi, shuningdek, «Sogʻlom turmush tarzi» platformasi faoliyati tiklanadi. Yoshlarni ragʻbatlantirish uchun esa quyidagi darajalardagi «Yosh ekolog» koʻkrak nishoni ta’sis etiladi:
- III daraja – maktab oʻquvchilari uchun;
- II daraja – teхnikum oʻquvchilari va oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun;
- I daraja – tabiatni muhofaza qilish sohasida хalqaro va mahalliy darajada yuqori natijalarga erishgan yoshlar uchun.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlangan:
- Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti (Green University) va uning tizimidagi ta’lim tashkilotlarini rivojlantirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar rejasi;
- Green University’da joriy etiladigan bakalavriat ta’lim yoʻnalishlari va magistratura mutaхassisliklari roʻyхati;
- Green University va uning tizimidagi ilmiy tashkilotlarning 2026-2029 yillarga moʻljallangan ilmiy tadqiqotlar dasturi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 30.03.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova





