Vazirlar Mahkamasining 14.04.2025 yildagi «Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish kengaytirilishi hamda «yashil moliyalashtirish» meхanizmlarining takomillashtirilishi munosabati bilan «Yashil energiya» sertifikatlarini berish va muomalaga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida»gi 225-son qarori qabul qilindi.
Qoʻshimchalarga muvofiq, generatsiya ob’yektini roʻyхatdan oʻtkazganlik uchun Markaziy bankning rasmiy kursi boʻyicha milliy valyutada quyidagi miqdorlarda bir martalik yigʻim undiriladi:
- quvvati 1 MVt gacha boʻlgan generatsiya ob’yektlari uchun – 100 yevro;
- quvvati 1 MVtdan 5 MVtgacha boʻlgan generatsiya ob’yektlari uchun – 500 yevro;
- quvvati 5 MVtdan 10 MVtgacha boʻlgan generatsiya ob’yektlari uchun – 1000 yevro;
- quvvati 10 MVtdan 50 MVtgacha boʻlgan generatsiya ob’yektlari uchun – 1 500 yevro;
- quvvati 50 MVtdan yuqori boʻlgan generatsiya ob’yektlari uchun – 2 000 yevro.
Sertifikatlarni chiqarish uchun ariza beriladi va quyidagi ma’lumotlar kiritiladi:
- yagona elektr energetikasi tarmogʻiga uzatilgan elektr uchun:
- CCD04 shakldagi toʻldirilgan va imzolangan soʻrovnoma (generatsiya ob’yekti yoki ob’yektlari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori, ishtirokchi nomi);
- korхonaning umumiy faoliyati toʻgʻrisida ma’lumotlar;
- elektr energiyasi ishlab chiqarish davomiyligi va uning hajmi (kVt.s);
- generatsiya ob’yektlarida elektr energiyasini ishlab chiqarish holati "Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ ("Oʻzenergosotish" AJ yoki "Xududiy elektr tarmoqlari" AJ) tomonidan tasdiqlangan hujjat;
- sertifikat chiqarish uchun moʻljallangan registrantning ishtirokchi akkaunti ma’lumotlari;
- toʻgʻridan-toʻgʻri soʻnggi foydalanuvchiga uzatilgan elektr uchun:
- CCD04 shakldagi toʻldirilgan va imzolangan soʻrovnoma;
- korхonaning umumiy faoliyati toʻgʻrisida ma’lumotlar;
- elektr energiyasi ishlab chiqarish davomiyligi va uning hajmi (kVt.s);
- elektr energiyasini toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilgan soʻnggi foydalanuvchi va generatsiya ob’yekti egasi tomonidan tuzilgan muayyan davrda uzatilgan elektr hajmini tasdiqlovchi dalolatnoma;
- sertifikat chiqarish uchun moʻljallangan registrantning ishtirokchi akkaunti ma’lumotlari;
- generatsiya ob’yektlarida elektr energiyasini ishlab chiqarish holati boʻyicha elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimidan olingan va elektr energiyasini sotib oluvchi tomonidan tasdiqlangan hujjat.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 16.07.2025 yildan kuchga kiradi.
Sobir Nurberdiyev