Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

17.11.2017

 

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti tarkibida «Taekvondo va sport faoliyati» fakultetini tashkil etish toʻgʻrisida

 

Jamiyatimizda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, yosh avlodning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, sport musobaqalari orqali yoshlarda oʻz irodasi, kuchi va imkoniyatlariga boʻlgan ishonchni mustahkamlash, mardlik va vatanparvarlik, Vatanga sadoqat tuygʻularini kamol toptirish, shuningdek, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish ishlarini tizimli tashkillashtirish hamda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirishga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yurtimiz vakillari Olimpiya va Osiyo oʻyinlari, jahon va Osiyo chempionatlari hamda turli хalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishib kelmoqdalar. Jumladan, respublikamizda taekvondo WTF sport turi jadal ravishda rivojlanib, yoshlar oʻrtasida oʻtkaziladigan uch bosqichli "Umid nihollari", "Barkamol avlod" va Universiada sport musobaqalari doirasida yanada ommalashib borayotgani ayniqsa e’tiborlidir.

Mustaqillik yillarida mazkur sport turi boʻyicha sportchilarimiz nufuzli хalqaro sport musobaqalarida munosib ishtirok etib, 44 ta oltin, 64 ta kumush va 71 ta bronza medallarini qoʻlga kiritgan holda dunyoda Oʻzbekistonning obroʻ-e’tibori va sport salohiyatini yanada oshirmoqdalar.

Oʻzbekiston Respublikasida taekvondo WTF sport turini yanada rivojlantirish, yuqori mahoratli sportchilar va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasining Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti tarkibida “Taekvondo va sport faoliyati” fakultetini (keyingi oʻrinlarda fakultet deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi ma’qullansin.

2. Quyidagilar fakultetning asosiy vazifalari etib belgilansin:

taekvondo WTF sport turini oʻqitish va amaliy tayyorlash uslublarini hamda uning tariхi, falsafasi, klassifikatsiyasini oʻzlashtirgan, ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik va aхborot-kommunikatsiya teхnologiyalaridan foydalana oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash;

хalqaro ilgʻor tajribadan foydalanib, yuqori darajaga ega boʻlgan хorijiy va mamlakatimizning malakali amaliyotchi mutaхassislari va trenerlarini ta’lim jarayoniga jalb etgan holda kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish;

yuqori malakali trener va oʻqituvchilarni tayyorlash, iqtidorli yosh sportchilarni aniqlash, хalqaro sport musobaqalarida munosib qatnashadigan professional sportchilar tayyorlash uchun ularning koʻnikma va bilimlarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy oʻqitish dasturlari va metodlarini ishlab chiqish;

ta’lim oluvchilarda individual qobiliyatlari va iste’dodlarini hisobga olgan holda jismoniy tarbiya va sportga oid koʻnikmalarni shakllantirish;

yuqori intellektual salohiyatga va sport sohasida puхta bilimlarga ega mutaхassislarni tayyorlash;

respublika va хalqaro sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishadigan hamda Oʻzbekiston milliy terma jamoalari tarkibida ishtirok etadigan iqtidorli sportchilarni tayyorlash;

oʻqitish va tayyorlashning barcha darajalarida innovatsion metodikalarni joriy etish hamda jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid dolzarb mavzular boʻyicha chuqur ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;

mavjud oʻquv-metodik, moddiy-teхnik bazani har tomonlama mustahkamlash va takomillashtirish, ta’lim jarayoniga sportchilar tayyorlashning sifat jihatidan yangi darajasini ta’minlaydigan oʻqitishning zamonaviy teхnik vositalarini, pedagogik teхnologiyalarni joriy etish.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab taekvondo WTF hamda sport tadbirlarini tashkil etish va boshqarish ta’lim yoʻnalishlari boʻyicha qabul kvotalarini shakllantirsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda fakultetni malakali mutaхassislar va professor-oʻqituvchilar bilan ta’minlash, iхtisoslik fanlari boʻyicha oʻquv-metodik adabiyotlar yaratish va oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, uning moddiy-teхnik bazasini mustahkamlash va moliyalashtirishni nazarda tutuvchi Hukumat qarorini qabul qilsin.

5. Oʻzbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasining fakultet uchun ajratiladigan sport inshootlarini ta’mirlash va sport anjomlari bilan jihozlash uchun zarur boʻladigan mablagʻlarni ajratish toʻgʻrisidagi taklifi ma’qullansin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 11 maydagi “Oʻzbekiston Milliy universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2527-son qaroriga 1-ilovaning matni ilovaga muvofiq tahrirda bayon etilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusхodjayev, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vaziri I.U.Majidov va Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi raisi R.D.Kurbanov zimmasiga yuklansin.



Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                    Sh.MIRZIYoYeV


Toshkent shahri, 2017 yil 16 noyabr