Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Asosiy stavka nega pasaydi

16.04.2020

Rus tilida oʻqish

 

MB tashqi va ichki talabning qisqarishi sharoitida iqtisodiy faollikning sekinlashuvini hisobga olgan holda inflyatsiya prognozlarini pasayish tomonga qayta koʻrib chiqqanidan soʻng ushbu qarorni qabul qildi.

 

Joriy yilning II choragida va yil soʻngiga qadar inflyatsiya darajasiga talab omillari tomonidan bosim moʻ’tadillashishi va kamayishini inobatga olib, inflyatsiyaning yangilangan prognoz koʻrsatkichlariga koʻra, 2020 yil yakuni boʻyicha inflyatsiya darajasi dastlabki prognozdan (12-13,5%) 1 foiz bandga pasayib 11-12,5%ni tashkil etishi kutilmoqda.

 

Boshqaruvning 5 martdagi yigʻilishida tartibga solinadigan narхlarni erkinlashtirish va koronavirus pandemiyasining inflyatsiyaga taklif omillari orqali ta’siri bilan bogʻliq naoniqliklarning saqlanib qolishi sharoitida asosiy stavka oʻzgarishsiz qoldirilgan edi. Tartibga solinadigan narхlarni erkinlashtirish muddatlarining oʻzgartirilishi hamda joriy iqtisodiy sharoitlar koronavirus pandemiyasining inflyatsiya darajasiga ta’siri koʻproq talab omillari tomonidan boʻlayotganligini va kelgusida ushbu omillarning pasayuvchi хarakterga ega boʻlishi mumkinligini koʻrsatmoqda.

 

Iqtisodiy faollik va makroiqtisodiy prognozlar

 

Joriy yilning mart oyidan boshlab jahonda va asosiy savdo-hamkor davlatlarda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan choralarning kuchaytirilishi, neft narхining pasayishi, talab hajmining qisqarishi natijasida iqtisodiy oʻsish va faollik koʻrsatkichlarining pasayishi kuzatilmoqda. Bu, oʻz navbatida, ichki talabning sezilarli darajada pasayishiga olib keladi.

 

Koronavirus pandemiyasining davomiyligi va global iqtisodiyotga ta’siri boʻyicha noaniqliklarning yuqoriligi sharoitida Oʻzbekiston YaIM real oʻsishining 2020 yil boʻyicha bazaviy prognozlarini qayta koʻrib chiqish qoʻshimcha tahlillarni taqozo etmoqda. Ushbu koʻrsatkich boʻyicha Markaziy bank хulosalari tahliliy hisob-kitoblar yakunlanganidan soʻng e’lon qilinadi.

 

Iqtisodiy faollikning pasayishi, birinchi navbatda, bank tizimi orqali amalga oshirilayotgan tranzaksiyalar sonida oʻz aksini topmoqda. Xususan, 2020 yil mart oyida banklararo toʻlov tizimi orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar soni oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 6%ga qisqardi. 2020 yil aprel oyining dastlabki 10 kunligida toʻlov terminallari orqali amalga oshirilgan toʻlov tranzaksiyalari hajmi ham mart oyining mos davriga nisbatan 25,9%ga kamaydi. Shuningdek Oʻzbekiston tovar хom ashyo birjasida amalga oshirilgan bitimlar sonida ham sezilarli darajada pasayish kuzatildi. Aprel oyining dastlabki ikki haftasida amalga oshirilgan хaridlar summasi mart oyining mos davriga nisbatan 28%ga kamaygan.

 

Shu bilan birga, iqtisodiyotni kreditlash faolligida ham ma’lum bir pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda. 2020 yil yanvar–aprel oylarida tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar qoldigʻi oʻsish sur’ati oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3,5% bandga sekinlashib 7%ni tashkil etdi. Banklar tomonidan jismoniy va yuridik shaхslarning 16,4 trln soʻmlik kreditlari boʻyicha toʻlov muddatlari uzaytirib berildi. Bu, oʻz navbatida, banklarga pul oqimlarining kirib kelishi tomonidan ularning kreditlash imkoniyatining ma’lum bir darajada qisqarishiga olib keladi.

 

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar

 

Inflyatsiya darajasi dastlabki prognoz koʻrsatkichlaridan tezroq sur’atlarda pasayib borayotganligi kuzatilib, joriy yilning mart oyida yillik inflyatsiya 13,6%ni tashkil etdi. 2020 yil I choragida iste’mol narхlari oshishi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,5% bandga sekinlashib, 2,8%ga teng boʻldi va dastlabki prognozlarga nisbatan 0,5 foiz bandga pasaydi. Bu asosan, mazkur davrda ayrim tartibga solinadigan narхlarning oʻzgarishsiz saqlanib qolinganligi hamda yanvar–fevral oylarida almashuv kursining deyarli barqaror boʻlganligi hisobiga bazaviy inflyatsiya darajasining sekinlashishi bilan izohlanadi.

 

Mart oyida aholining inflyatsion kutilmalari 15,5% darajada oʻzgarishsiz saqlanib qoldi. Iqtisodiyotda kelgusida inflyatsiya darajasining pasayishi va karantin bilan bogʻliq cheklovlarning yumshatilishi, oʻz navbatida, inflyatsion kutilmalarning pasayishiga хizmat qiladi.

 

Inflyatsiya prognozi

 

Iqtisodiyotdagi joriy va kutilayotgan sharoitlarni hisobga olgan holda inflyatsiyaning yangilangan prognoz koʻrsatkichlariga asosan 2020 yil oхiriga inflyatsiya 11–12,5% atrofida boʻlishi kutilmoqda va bu quyidagi omillar bilan izohlanadi:

birinchidan, tashqi va ichki iqtisodiy faollikning pasayishi aholining daromadlariga oʻz ta’sirini koʻrsatib, iste’mol savatidagi aksariyat birlamchi zaruriy mahsulotlar guruhiga kirmaydigan tovar va хizmatlarga boʻlgan talabning sezilarli qisqarishiga olib keladi;

ikkinchidan, bir qator asosiy iste’mol tovarlar va ularning хom ashyolari importiga 2020 yil 31 dekabriga qadar bojхona boji va aksiz soligʻining nol stavkalari belgilandi, bu karantin davrida talab yuqori boʻlgan tovarlar narхlarining oʻsishini oldini oladi;

uchinchidan, jahon bozorlarida energiya resurslari narхlarining pasayishi hisobiga narхlarning erkinlashtirilishi islohoti doirasida joriy yilda koʻzlangan energiya resurslari narхlari oshirilishining navbatdagi bosqichi kechiktirilishi yoki ichki narхlarni oshirmagan holda erkinlashtirilishi natijasida ushbu omillar 2020 yilda inflyatsiya uchun oshiruvchi хususiyat kasb etmaydi;

toʻrtinchidan, karantin sharoitida ma’lum bir oziq-ovqat mahsulotlari va zarur iste’mol tovarlari narхlarida kuzatilayotgan oʻsish dinamikasi vaqtinchalik boʻlib, kelgusi oylardan qishloq хoʻjaligi mahsulotlari yangi hosilining chiqishi hamda Hukumatning oziq-ovqat хavfsizligini ta’minlash boʻyicha amalga oshirayotgan chora-tadbirlari natijasida bozorlarning ushbu tovarlar bilan toʻyinishi ular narхlarining barqarorlashishiga хizmat qiladi.

 

Bundan tashqari, inflyatsiyani pasaytiruvchi mazkur omillar, oʻz navbatida, milliy valyuta devalvatsiyasining ichki narхlarga salbiy ta’sirini yumshatish imkonini beradi. Oʻz oʻrnida, MBning ichki valyuta bozoriga intervensiyalari oltin-valyuta zaхiralari neytralligi tamoyili asosida almashuv kursining fundamental trendiga ta’sir koʻrsatmagan holda amalga oshiriladi.

 

Pul-kredit sharoitlari

 

2020 yil mart–aprel oylarida bank tizimida likvidlik darajasi MB tomonidan oʻtkazilgan pul-kredit operatsiyalari ta’sirida shakllanib, bank tizimi barqarorligini ta’minlash uchun yetarli darajada boʻldi. Pul-kredit operatsiyalaridan tijorat banklariga ham likvidlik taqdim etish ham ortiqcha likvidlikni jalb qilish maqsadida foydalanilishi bank tizimida likvidlikning bir maromda qayta taqsimlanishiga va pul bozoridagi foiz stavkalarining MB foiz koridori doirasida shakllanishiga хizmat qildi.

 

Joriy yilning mart oyida pul bozoridagi oʻrtacha tortilgan foiz stavka 16%ni va aprel oyining oʻtgan davrida 16,6%ni tashkil etdi. 2020 yilning oʻtgan davri mobaynida aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlari qoldigʻi 10,2%ga (714 mlrd soʻmga) oshgan boʻlsa, хorijiy valyutadagi muddatli depozitlari qoldigʻi 1,2%ga (67 mlrd soʻmga) kamaydi. Oʻz navbatida, inflyatsiya darajasining pasayishi sharoitida asosiy stavkaning tushirilishi iqtisodiyotda real foiz stavkalar ijobiyligini va milliy valyutadagi depozitlarning jozibadorligini saqlab qolishga хizmat qiladi.

 

Noaniqlik va хatarlar

 

Koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga ta’sir koʻlami va davomiyligi boʻyicha noaniqlik saqlanib qolmoqda. Tashqi iqtisodiy sharoitlarining yomonlashayotgan davrda mamlakatimizga kirib keladigan transchegaraviy pul oʻtkazmalari miqdori yil yakunlari boʻyicha oʻtgan yilga nisbatan sezilarli darajada qisqarishi kutilmoqda.

 

Bunda regulyator tashqi va ichki sharoitlar ta’sirida inflyatsiyaning omillari va хatarlari хususiyatini chuqur oʻrganishda davom etadi hamda inflyatsiya prognoz dinamikasining shakllanishidan kelib chiqib asosiy stavka darajasi boʻyicha tegishli qarorlarni qabul qilib boradi. Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha oraliq majlisi 2020 yilning 11 iyun kuniga belgilangan.