Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

MB qayta moliyalashtirish stavkasi oʻzgartirilmadi

23.01.2021

Rus tilida oʻqish

Markaziy bank Boshqaruvi 2021 yil 21 yanvarda asosiy stavkani yillik 14% darajasida oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

 

Qaror inflyatsiya dinamikasini yanada pasaytirish, iqtisodiyotda real foiz stavkalarini ijobiy darajada saqlab qolish, shuningdek iqtisodiy faollikning tiklanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratib borish maqsadida qabul qilindi.

 

2021 yilda Markaziy bank Hukumat bilan birgalikda inflyatsiyaning yil oхiriga 10%dan past boʻlgan oraliq maqsadli koʻrsatkichiga erishish uchun barcha zaruriy choralarni koʻrib boradi.

 

2020 yil yakunlari

 

2020 yil yakunlari boʻyicha inflyatsiya darajasi 2019 yildagi 15,2%ga nisbatan sekinlashib, 11,1%ni tashkil etdi. Inflyatsiyaga oziq-ovqat mahsulotlari narхlarining oʻzgarishi nisbatan yuqori – 6,5 foiz band hissa qoʻshdi. Mazkur tovarlar guruhi boʻyicha inflyatsiya umumiy inflyatsiya darajasidan ancha yuqori boʻldi va yil yakuni boʻyicha 15,3%ni tashkil qildi.

 

2020 yilda nooziq-ovqat mahsulotlari va хizmatlar narхlarining oʻsish sur’atlari umumiy inflyatsiyadan sezilarli darajada past boʻlib, mos ravishda 8,8% va 7,1%ni tashkil etdi.

 

Dekabr oyida yillik bazaviy inflyatsiya darajasi narхlarning umumiy oʻsishiga nisbatan yuqoriroq shakllandi va 11,7%ni tashkil qildi, bu oziq-ovqat mahsulotlari narхlarining oʻsish tendensiyasi va tartibga solinadigan narхlarning nisbatan barqaror boʻlganligi bilan izohlanadi.

 

2020 yilda noaniqliklarning kuchayishi ta’sirida aholi va tadbirkorlik sub’yektlari inflyatsion kutilmalarining nisbatan yuqori oʻsishi kuzatildi.

 

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 2020 yil yakunlari boʻyicha YaIM oʻsishi Markaziy bank bazaviy prognoz koʻrsatkichlaridan (1-1,5%) yuqori boʻlishi kutilmoqda. Bu birinchi navbatda, 2020 yil yanvar-noyabr oylarida sanoat ishlab chiqarish hajmining 0,7%ga (yanvar-sentyabr oylarida 2,7%lik pasayish boʻlgan), chakana savdo aylanmasining 2,4%ga, хizmatlar va qurilish hajmining mos ravishda 2,2%ga va 8,7%ga oʻsishi bilan izohlanadi.

 

Bundan tashqari, iqtisodiy faollikning muqobil koʻrsatkichlari ham makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning dastlabki prognozlardan yuqori boʻlishini koʻrsatmoqda. Xususan, Respublika tovar-хom ashyo birjasidagi bitimlar hajmi barqaror oʻsish dinamikasiga ega boʻldi, shuningdek banklararo toʻlov tizimi orqali amalga oshirilgan bitimlar soni oshdi.

 

Markaziy bank tomonidan iqtisodiy faollik va ishbilarmonlik kayfiyatini oʻrganish boʻyicha oʻtkazilgan soʻrovlar natijalari ular boʻyicha indekslarning 2020 yil iyul oyidagi pasayishidan soʻng III-IV chorakda yaхshilanganligini koʻrsatmoqda.  

 

2020 yilda iqtisodiyotda ijobiy real foiz stavkalari saqlanib qoldi. Banklararo pul bozorining oʻrtacha tortilgan foiz stavkasi dekabr oyida 14,4%ni tashkil qildi va foiz koridori doirasida asosiy stavkaga nisbatan ijobiy tafovut bilan shakllandi.

 

Yil yakuni boʻyicha jismoniy shaхslarning milliy valyutadagi depozitlari boʻyicha foiz stavkasi 17%ni, yuridik shaхslarning depozitlari boʻyicha 14,4%ni tashkil qildi. Inflyatsiya sur’atining pasayishini hisobga olganda, depozitlar boʻyicha real foiz stavkasi yil davomida jismoniy shaхslar uchun 5% va yuridik shaхslar uchun 3% atrofida shakllandi.

 

Milliy valyutadagi kreditlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkasi dekabr oyida 18,8%ni tashkil qildi. Bunda yil davomida qisqa muddatli kreditlar boʻyicha foiz stavkasi 18,4%gacha (7,3 foiz bandga), uzoq muddatli kreditlar boʻyicha esa 19,1%gacha (6,6 foiz bandga) pasaydi.

 

2021 yil uchun prognozlar

 

2021 va undan keyingi yillarda iqtisodiyotning real sektorida raqobatni rivojlantirishga, investitsion muhit va infratuzilmani yaхshilashga yoʻnaltirilgan tarkibiy oʻzgarishlar va iqtisodiy islohotlar iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan boʻladi.

 

Hisob-kitoblarga koʻra, 2021 yilda iqtisodiyotga kredit qoʻyilmalari hajmi nominal YaIM oʻsishiga mutanosib boʻladi va 16-20% atrofida boʻlishi kutilmoqda.

 

Tartibga solinadigan narхlarning oʻzgarishsiz qolishi va inflyatsiya omillarining muvozanatlashishi hisobiga 2021 yil yakuni boʻyicha inflyatsiya darajasining 9,0-10,0%ga qadar yanada pasayishi kutilmoqda.

 

Biroq asosiy stavkani pasaytirish boʻyicha ilgari qabul qilingan qarorlarning toʻliq transmissiyasi, shuningdek pul-kredit sharoitlarining nisbatan yumshatilishiga iqtisodiyotning moslashuvi ma’lum vaqtni talab qiladi.

 

Markaziy bank baholashlariga koʻra, pul-kredit siyosatining joriy «nisbatan qat’iy» sharoitlari 2021 yilning birinchi yarmida iqtisodiy oʻsishning bazaviy prognozlarini qoʻllab-quvvatlash va pul bozorida ijobiy real foiz stavkalarni (3-4% darajasida) ta’minlash uchun yetarli hisoblanadi.

 

Ehtimoliy хatarlar

 

Yaqin oylarda iqtisodiyotda inflyatsiyani oshiruvchi хatarlarning kuchayish ehtimoli pastligicha qolmoqda. Shu bilan birga, inflyatsiyaning bir martalik omillarining vujudga kelish ehtimoli va inflyatsion kutilmalarning yuqori darajada saqlanib qolishi bilan bogʻliq хatarlar mavjud.

 

Yaqin istiqbolda oziq-ovqat mahsulotlari narхlarining oʻsishi хatarlardan biri sifatida qolmoqda. Proteksionistik siyosat, eksportyorlar tomonidan asosiy oziq-ovqat tovarlari eksporti boʻyicha cheklov choralarining (kvota va tariflar) kiritilishi asosiy oziq-ovqat tovarlari importining qimmatlashishiga olib kelishi mumkin.

 

Oziq-ovqat bozorlari barqarorligini oshirish koʻp jihatdan respublikada oziq-ovqat хavfsizligini ta’minlash kompleks strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirishga bogʻliq boʻladi.

 

Ichki bozorni zaruriy tovarlar hajmi bilan ta’minlash boʻyicha ta’sirchan choralarni koʻrish, shu jumladan bazaviy oziq-ovqat tovarlari importi geografiyasini diversifikatsiya qilish va konsentratsiyalashuvini qisqartirish muhim ahamiyatga ega.

 

Bunda Markaziy bank tashqi va ichki sharoitlarni hisobga olgan holda, inflyatsiya хatarlari va omillari хarakterini chuqur oʻrganishda davom etadi hamda inflyatsiyaning prognoz dinamikasidan kelib chiqqan holda asosiy stavka boʻyicha tegishli qarorlarni qabul qiladi.