Vazirlar Mahkamasining 14.07.2025 yildagi 434-son qarori bilan «Alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida»gi nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizomda alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish rejasining bajarilmagani uchun ta’sir choralarini qoʻllash tartibi, yillik ishlab chiqarish quvvati va ishlab chiqarish quvvatlarining yuklamasi hisob-kitobi belgilangan.
Tasdiqlangan yillik ishlab chiqarish rejasi asosida ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish holati Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi tomonidan monitoring qilinadi.
Vakolatli davlat organi tomonidan ishlab chiqarish rejalari asosida yillik ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanishni monitoring qilishda quyidagilar oʻrganiladi:
- хarid qilingan, sarflangan va qoldiqda boʻlgan iste’mol etil spirti hajmi;
- ishlab chiqarilgan, realizatsiya qilingan va saqlanayotgan alkogol mahsulotlari hajmi;
- ishlab chiqarishda foydalanilgan aksiz markalari va majburiy raqamli markirovka kodlari soni;
- ishlab chiqarishda foydalanilgan ichimlik suvi va elektr energiyasi sarfi;
- alkogol mahsulotlari realizatsiyasi boʻyicha toʻlangan soliqlar.
Agar yarim yil yakuni boʻyicha aroq, shuningdek, iste’mol etil spirtidan aroq va likyor-aroq mahsulotlarini ishlab chiqarishda mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish koʻrsatkichi 60 foizdan kam boʻlganda, belgilangan 60 foizning bajarilmagan qismiga aksiz soligʻi summasining 50 foizi miqdorida jarima qoʻllanadi.
Agarda keyingi yarim yil yakunlarida tasdiqlangan yillik ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish rejasi toʻliq bajarilganda hamda aksiz soligʻi toʻliq toʻlanganda, undirilgan moliyaviy jarima summalari qaytariladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va 16.10.2025 yildan kuchga kiradi.
Saodat Usmanova




