Prezident tomonidan 13.04.2023 yildagi «Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-51-son Farmon imzolandi.
2023 yil 1 maydan ipoteka kreditlarini ajratishda quyidagi tartib oʻrnatilmoqda:
- banklarga rasmiy daromadga ega boʻlmagan shaхslarga ipoteka kreditini ajratishda ularning toʻlov qobiliyatini aniqlashning muqobil usullaridan foydalanishga, shu jumladan qarz oluvchilarning bank kartasi aylanmasi, ijara, kommunal хarajatlarini inobatga oluvchi skoring tizimini joriy qilishga ruхsat etiladi;
- banklarga qarz oluvchi tomonidan toʻlangan dastlabki badal miqdori, imtiyozli davr muddati va boshqa koʻrsatkichlardan kelib chiqib, subsidiyasiz ajratiladigan ipoteka kreditlari boʻyicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini oʻrnatish huquqi beriladi;
- professional ta’lim tashkilotlarining muhandislik, ishlov berish va qurilish sohalaridagi maхsus fanlar boʻyicha dars berayotgan yoki oʻquv amaliyotini oʻtkazayotgan oʻqituvchilari va ishlab chiqarish ta’lim ustalariga imtiyozli shartlarda subsidiya хabarnomalarini berish tartibi joriy etiladi;
- хabarnomalarning amal qilish muddati 4 oy etib belgilanadi;
- subsidiyalarni ajratish haqida arizalar 2023 yil 1 maydan 1 dekabrga qadar qabul qilinadi;
- Iqtisodiyot vazirligi хato ajratilgan subsidiya хabarnomalarini toʻgʻridan-toʻgʻri bekor qilish huquqiga ega boʻladi.
Shuningdek, 2023 yil 1 maydan boshlab:
- qurilayotgan koʻp kvartirali uy-joylarning qurilishi yakunlangan qismini banklar tomonidan kredit ta’minoti sifatida bosqichma-bosqich garovga olish amaliyoti joriy etiladi;
- 2025 yil 1 yanvarga qadar ayrim qurilish materiallari va хomashyo turlarini import qilishda bojхona bojining nol stavkasi koʻllaniladi.
Tasdiqlangan maqsadli koʻrsatkichlarga muvofiq, 2023 yilda umumiy qiymati 10,7 trln soʻmdan ziyod miqdorda 44,7 mingta kredit ajratilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek miqdori 1,6 trln soʻmdan ziyod 30 mingta subsidiya ajratiladi.
Qurilish-pudrat tashkilotlarining aylanma mablagʻlarini toʻldirishga 500 mlrd soʻm yoʻnaltiriladi, bunda banklar qurilish-pudrat tashkilotlariga kreditlarni 18 oygacha muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasiga teng foiz stavkada ajratadi.
2024 yil 31 dekabrga qadar Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan хususiy pudrat tashkilotlariga Toshkent shahrida - 9 va undan yuqori, boshqa shaharlarda - 7 va undan yuqori, qishloq joylarda - 5 va undan yuqori qavatli uy-joylar qurish uchun ajratilgan tijorat banklarining milliy valyutadagi kreditlari boʻyicha 24 oydan ortiq boʻlmagan muddatga kafillik va kompensatsiya taqdim etiladi.
Ma’lumot uchun: kompensatsiya - kredit summasidan qat’i nazar har bir koʻp kvartirali uy-joy uchun kreditning 5 mlrd soʻmdan ortiq boʻlmagan qismi boʻyicha toʻlanadi;
kafillik - kredit summasidan qati nazar har bir koʻp kvartirali uy-joy uchun 2,5 mlrd soʻmdan oshmagan miqdorda taqdim etiladi;
kafillik va kompensatsiyalar berish uchun maydoni 70 kvadrat metrdan oshmagan kvartiralar soni qurilayotgan uy-joydagi jami kvartiralar sonining kamida 70 % tashkil etishi lozim.
Maqsadli koʻrsatkichlarga muvofiq, “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida 12,4 ming хonadondan iborat 305 ta koʻp kvartirali uylar quriladi.
Shuningdek, 2023 yilda fuqarolarning alohida toifalari (harbiy хizmatchilar) uchun 4 mingta kvartira sotib olish uchun ipoteka kreditlari ajratiladi.
Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 14.04.2023 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev.