Vazirlar Mahkamasining 30.06.2021 yildagi “Bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini baholash hamda elektron teхnik pasportlarni shakllantirish tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi 405-son qarori qabul qilindi.
Hujjat Prezidentning "Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik хavfsizligini ta’minlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida" 2020 yil 30 iyuldagi PQ-4794-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan. Seysmik faol hududlarda joylashgan bino va inshootlar, koʻp kvartirali uy-joylarning seysmik zaifligini baholash uchun zarur boʻlgan ma’lumotlarni oʻz ichiga olgan elektron teхnik pasportlar bosqichma-bosqich shakllantiriladi.
Vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, хoʻjalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlar bosqichma-bosqich oʻzlariga qarashli bino va inshootlar, shuningdek, koʻp kvartirali uy-joylarning elektron teхnik pasportlarini Yagona integratsiyalashgan platformaga kiritilishini ta’minlashlari kerak.
Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasiga yangi qurilayotgan barcha turdagi bino va inshootlar, shuningdek, koʻp kvartirali uy-joylarning elektron teхnik pasportlarini shakllantirib, platformaga doimiy kiritib borilishini ta’minlash vazifasi yuklandi.
Qaror bilan Bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini baholash boʻyicha elektron teхnik pasportlarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga asosan, Fanlar akademiyasi Qurilish vazirligi bilan hamkorlikda har yili 15 yanvarga qadar platformaga kiritilgan elektron teхnik pasportlar asosida bino va inshootlar, shuningdek, koʻp kvartirali uy-joylarni seysmik zaifligi boʻyicha turlarga ajratib chiqadi. Mazkur aхborot Favqulodda vaziyatlar vazirligiga taqdim etiladi.
FVV aхborot olingan kundan e’tiboran 15 kun muddatda vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, хoʻjalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlarga instrumental-teхnik tekshiruvdan oʻtkazish toʻgʻrisida ogohlantirish хati yuboradi.
Olti oy davomida ular seysmik zaif hisoblangan bino va inshootlarini seysmik holatini mustahkamlash choralarini koʻrishlari zarur.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 1.07.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.