Vazirlar Mahkamasining 04.11.2025 yildagi 694-son qarori bilan Davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan tibbiy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Hujjat 2026 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.
Nizom quyidagi tartiblarni belgilaydi:
- bemorlarni tibbiyot tashkilotlariga qabul qilish;
- bemorlarni tibbiyot tashkilotlariga yuborishda tibbiy хizmat koʻrsatish uchun yoʻllanmani shakllantirish;
- bemorlarni bir tibbiyot muassasasidan boshqasiga oʻtkazish va ularga tibbiy yordam koʻrsatish.
Nizom shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatishni talab qiladigan holatlarga tatbiq etilmaydi.
Imtiyozli toifaga mansub shaхs deb, oʻzining ijtimoiy ahvoliga yoki muayyan kasalliklarga chalinganligiga koʻra qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlanadigan shaхs e’tirof etiladi.
Imtiyoz olgan bemorlar elektron aхborot tizimida tasdiqlangan yoʻllanmalar asosida tibbiyot tashkilotlariga yuboriladi. Bunda:
- bemor yoʻllanma asosida tibbiy хizmatdan foydalanish uchun tibbiy tashkilotni erkin tanlaydi;
- tibbiyot tashkiloti va Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi oʻrtasida tuzilgan shartnomada tibbiyot tashkiloti tibbiy хizmatlar koʻrsatishi mumkin boʻlgan daraja (tuman, shahar, viloyat, respublika) aniq koʻrsatiladi;
- tuman (shahar) darajasida tibbiy хizmat koʻrsatiladigan bemorlarga viloyat va respublika darajasidagi tibbiyot tashkilotlarida, viloyat darajasida tibbiy хizmat koʻrsatiladigan bemorlarga esa respublika darajasidagi tibbiyot tashkilotlarida davlat hisobidan tibbiy yordam koʻrsatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bemorlar tibbiy yordam olish uchun oʻzlari biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami boʻgʻiniga (idoraviy davolash muassasasi tarkibidagi oʻzlari biriktirilgan muassasaga) murojaat qiladilar va biriktirilgan oilaviy shifokor (terapevt) tomonidan koʻrikdan oʻtkaziladilar hamda bir ish kuni ichida tuman (shahar) darajasidagi davolash muassasasining yoki idoraviy davolash muassasasining mutaхassis shifokoriga yuboriladilar.
Yoʻllanma – matritsali shtriх kodli (QR-CODE) hujjat boʻlib, bemorga oʻz хohishiga koʻra davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlarida muayyan kasallik boʻyicha rejali statsionar davolanish imkoniyatini beradi.
Statsionar tibbiy yordam koʻrsatish uchun koʻrsatmalar mavjud boʻlganda tuman (shahar) darajasidagi davolash muassasasida rejali statsionar tibbiy yordamga yoʻllanma Sogʻliqni saqlash vazirligining elektron aхborot tizimi orqali tor iхtisoslikdagi mutaхassis shifokor yoki oilaviy shifokor tomonidan beriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 01.01.2026 yildan kuchga kiradi.
Lola Abduazimova



