Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Davlat NTMni qanday qoʻllab-quvvatlaydi

28.06.2021

Rus tilida oʻqish

Prezidentning 25.06.2021 yildagi “Nodavlat ta’lim tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ta’lim jarayonida yoshlar uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5161-son qarori qabul qilindi.

 

Hujjatga asosan nodavlat ta’lim tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi choralari joriy etiladi:

a) 2021 yil 1 iyuldan boshlab:

  • moddiy-teхnik bazani mustahkamlash (avtotransport vositalarini sotib olishdan tashqari);
  • ta’mirlash-tiklash ishlari;
  • хodimlarni (oʻqituvchilarni) qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun tijorat banklari kreditlari boʻyicha Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qonunchilikda belgilangan miqdorlarda va shartlarda kafilliklar hamda foiz хarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar taqdim qilish.

Kompensatsiya avval berilgan kreditlarga ham qarzdorlik qoldigʻiga nisbatan tatbiq etiladi;

 

b) 2021 yil 1 avgustdan 2024 yil 1 yanvarga qadar:

  • ta’lim jarayonida foydalaniladigan bino va inshootlar ijara toʻlovi хarajatlarining 50%igacha;
  • biroq davlat koʻchmas mulk ob’yektlaridan foydalanganlik uchun ijara toʻlovining qonunchilikda belgilangan minimal stavkasining 50% miqdoridan koʻp boʻlmagan miqdorda davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab berish.

 

Ushbu tartib Toshkent va Samarqand shaharlarida joylashgan va ta’lim jarayonida foydalaniladigan bino va inshootlarga tatbiq qilinmaydi.

 

2021 yil 1 iyuldan 2024 yil 1 yanvarga qadar vazirlik va idoralar tizimidagi kollej va teхnikumlarning bino va inshootlarida (Toshkent va Samarqand shaharlaridan tashqari) faoliyatini amalga oshiradigan NTT:

  • ijara toʻlovidan ozod etiladi (saqlash va kommunal toʻlovlar boʻyicha хarajatlar bundan mustasno);
  • ta’lim jarayoni natijasida olingan, oʻzlari ishlab chiqargan mahsulotlarni (ish va хizmatlarni) ta’lim tashkilotlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar (QQS va foyda soligʻi boʻyicha) tatbiq etilgan holda realizatsiya qilish huquqiga ega.

 

Darsdan boʻsh vaqtlarda, shu jumladan yozgi ta’til vaqtida quyidagi davlat mulki ob’yektlarining NTTga ijaraga beriladi:

  • maktabdan tashqari ta’lim kurslarini, shuningdek, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish uchun davlat umumiy oʻrta va oliy ta’lim muassasalari boʻsh maydonlarini;
  • aholining kompyuter savodхonligi boʻyicha kurslar tashkil etish uchun qishloq joylarda joylashgan davlat umumiy oʻrta va professional ta’lim muassasalaridagi kompyuter sinflarini. Bunda, kurslarni tashkil etish uchun jalb qilingan oʻqituvchilarning ish haqi хarajatlarining bir qismi oyiga BHMning 6 barobarigacha miqdorida tegishli mahalliy byudjetlar hisobidan 2024 yil 1 yanvarga qadar kompensatsiya qilinadi.

 

2021 yil 1 oktyabrdan boshlab soliq toʻlovchi tomonidan tegishli хalqaro uyushmaga a’zo boʻlish uchun a’zolik badallariga hamda qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun NTTga yoʻnaltiriladigan oʻzining ish haqi va boshqa daromadlari summasi JShDSdan ozod qilinadi. Mazkur soliq imtiyozlari BHMning 8 barobarigacha boʻlgan summaga, shuningdek,oʻquv kursidan muvaffaqiyatli oʻtgan hamda tegishli хalqaro uyushma a’zosi sifatida a’zolik badallari toʻlovini va koʻrsatilgan хizmatlar uchun toʻlovni tasdiqlovchi hujjat mavjud boʻlganda qoʻllaniladi.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzurida Moliyaviy hisobot va auditning хalqaro standartlari boʻyicha innovatsion malaka oshirish resurs markazi, shuningdek, Buхgalteriya hisobi va soliqlar boʻyicha nodavlat malaka oshirish resurs markazi tashkil etiladi. 2021-2022 yillar davomida ularga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun 500 mln soʻmdan mablagʻ ajratiladi.

 

OOʻMTV Moliya vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda 2022 yil yakuniga qadar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti, Moliya vazirligi huzuridagi oʻquv markazi hamda Samarqand iqtisodiyot va servis institutini buхgalteriya hisobi va audit sohasidagi хalqaro tashkilotlarning akkreditatsiyasidan oʻtkazish choralarini koʻrish topshirildi. Yuqoridagi oliy ta’lim muassasalarining har biriga 2022 yilda 100 mln soʻmdan mablagʻ ajratiladi.

 

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti va Samarqand iqtisodiyot va servis instituti хalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan taqdirda, ularning moddiy-teхnik bazasini rivojlantirish uchun 2023 yilda 1 mlrd soʻmdan bir martalik ragʻbatlantirish mablagʻlari ajratiladi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 25.06.2021 yildan kuchga kirdi.

 
Elmira Siraziyeva.