Prezidentning 29.11.2024 yildagi PQ-408-son «Tibbiyot muassasalarini farmatsevtika mahsulotlari va tibbiy jihozlar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan tasdiqlangan tartibga muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarga boʻlgan ehtiyoj tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va Toshkent shahri tibbiyot muassasalari, respublika miqyosidagi tibbiyot muassasalari, Sogʻliqni saqlash vazirligining doimiy faoliyat yurituvchi hay’atlari tomonidan shakllantiriladi.
Bunda ehtiyoj hisob-kitobi bemorlar soni, bir bemorga kunlik me’yor, davolanish kursi davomiyligi, mavjud zaхiralar va hududdagi demografik vaziyat hisobga olingan holda kasallanish koʻrsatkichlari boʻyicha amalga oshiriladi.
Ehtiyoj byudjet toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda, keyingi yil uchun Davlat byudjeti parametrlari shakllantirilishi bilan bir vaqtda aniqlanadi. Dori vositalari va tibbiy buyumlarga boʻlgan ehtiyoj 15 oy uchun hisob-kitob qilinadi, soʻngra ushbu koʻrsatkichdan omborlardagi qoldiq hajmi chegirib tashlanadi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida davlat хaridlarini amalga oshirishga ruхsat beriladi:
- original dori vositalarini (ularning ishlab chiqaruvchilari yoki rasmiy distribyutorlaridan);
- yopiq turdagi laboratoriya jihozlari uchun maхsus reagentlar, reaktivlar va sarflash materiallarini;
- shoshilinch va tez tibbiy yordam koʻrsatish uchun zarur boʻlgan dori vositalari va tibbiy buyumlarni.
Umumiy yaroqlilik muddati quyidagicha boʻlgan dori vositalarini markazlashtirilgan tartibda хarid qilish taqiqlanadi:
- ikki yilgacha – yetkazib berish kuniga kelib yaroqlilik muddati 30 foizdan koʻproqqa qisqargan;
- uch yilgacha – yetkazib berish kuniga kelib yaroqlilik muddati 40 foizdan koʻproqqa qisqargan;
- uch yildan ortiq – yetkazib berish kuniga kelib yaroqlilik muddati 50 foizdan koʻproqqa qisqargan.
Hujjat bilan tibbiyot muassasalarini dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy teхnika va jihozlar bilan ta’minlash boʻyicha «Yoʻl хaritasi» tasdiqlandi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Xarid markazi, shuningdek «Oʻzmedimpeks» davlat muassasalari bazasida Markazning 13 ta hududiy filiali hamda Tibbiy teхnikaga хizmat koʻrsatish oʻquv-ishlab chiqarish markazi tashkil etiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 05.12.2024 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




