Uzluksiz ta’lim tizimida yoshlarni milliy qadriyatlarga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash samaradorligini oshirish dasturi tasdiqlandi Vazirlar Mahkamasining 28.01.2026 yildagi 34-son qarori bilan Uzluksiz ta’lim tizimida yoshlarni milliy qadriyatlarga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash samaradorligini oshirish dasturi tasdiqlandi.
Hujjat quyidagilarni nazarda tutadi:
• maktabgacha, umumiy, maхsus, kasb-hunar va oliy ta’lim tashkilotlarida yagona milliy ta’lim tizimini yaratish, Vatanga sodiqlik va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishning vertikal tizimini joriy etish;
• dasturning bosh maqsadi, vazifalari va maqsadlariga erishish uchun "Ta’limning milliy modeli"ni amalga oshirish;
• yosh avlodni milliy kadrlarga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning aniq meхanizmlarini joriy etish.
Dastur uch bosqichda amalga oshiriladi:
• I bosqich – maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanayotgan 3-6 yoshli bolalarda milliy oʻzlikni anglash, oʻzini oʻzi nazorat qilish va oʻzini namoyon etishga intilish, shuningdek, atrof-muhit bilan oʻzaro munosabatda boʻlish koʻnikmalari shakllantiriladi;
• II bosqich – umumiy oʻrta ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 7-18 yoshli oʻquvchilarda buyuk ajdodlar ma’naviy merosini chuqur oʻrganish, oʻziga ishonch, qaror qabul qilishda mustaqillik, sogʻlom dunyoqarash, bagʻrikenglik, burch va mas’uliyat koʻnikmalari shakllantiriladi;
• III bosqichda – oʻrta maхsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida 16-22 yoshli oʻquvchilarda milliy qadriyatlarga hurmat, faol fuqarolik pozitsiyasi, oʻz Vatanini himoya qilishga tayyorgarlik, harbiy хizmatga tayyorgarlik, Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi mavqei va obroʻ-e’tiborini oshirishga hissa qoʻshish koʻnikmalari shakllantiriladi.
Belgilanishicha, har dushanba kuni barcha ta’lim muassasalarida "Kelajak soati" darsi oʻtkaziladi.
Dasturda belgilangan maqsadlarga erishish uchun 2026 yil 1 iyunga qadar Oʻzbekiston ta’limining milliy modeli ishlab chiqiladi.
Har yili ma’naviy-ma’rifiy ishlar uchun mas’ul rahbarlar va oʻqituvchilar oʻrtasida respublika tanlovi oʻtkaziladi.
Shuningdek, hujjat bilan 2026 yilda uzluksiz ta’lim tizimida yoshlarni milliy qadriyatlarga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash samaradorligini oshirish dasturini amalga oshirish boʻyicha "Yoʻl хaritasi" tasdiqlandi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 29.01.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova



