Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Xalq tabobatini rivojlantirish markazlariga tinglovchilarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi (roʻyxat raqami 3426, 07.04.2023 y.).
Nizomda belgilanishicha, tibbiyot xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish xalq tabobati hududiy markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
Malaka oshirish kurslarida oʻqish asosiy ish joyidan ajralgan holda amalga oshiriladi. Oʻquv markazlarida oʻquv yuklamasining eng koʻp hajmi haftasiga 36 soat etib belgilanadi.
Nizom oʻqish uchun arizalarni qabul qilish hamda kurs yakunlanganidan keyin attestatsiyadan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Quyidagi shaxslar oʻqishga qabul qilinmaydi:
- qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar;
- sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
- psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turadigan shaxslar;
- umumiy oʻrta yoki oʻrta maxsus professional ma’lumotga ega boʻlmagan shaxslar.
Attestatsiya suhbat shaklida oʻtkaziladi va uning natijalari ballar qoʻyish yoʻli bilan 100 ballik tizimda baholanadi. Bitiruvchi 86-100 ballar oraligʻida ball toʻplasa, uning bilimi “a’lo” deb, 71-85 ballar oraligʻida ball toʻplasa “yaxshi” deb, 56-70 ballar oraligʻida ball toʻplasa, “qoniqarli” deb baholanib, attestatsiyadan oʻtgan deb hisoblanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 08.04.2023 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.



