Vazirlar Mahkamasi tomonidan 8.07.2021 yildagi «Xalqaro yuk tashishlarda elektron plombalarni qoʻllagan holda avtotransport vositalarni kuzatib borish tizimini joriy etish toʻgʻrisida»gi 428-son qaror qabul qilindi.
Prezidentning 5.06.2020 yildagi PF-6005-son Farmonida Xalqaro yuk tashishlarda elektron plombalarni qoʻllagan holda avtotransport vositalarini kuzatib borish tizimi boʻyicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish nazarda tutilgan. Tizim Oʻzbekiston bojxona hududiga tovarlarning noqonuniy olib kirilishining oldini olish chora-tadbirlari oʻz vaqtida koʻrilishiga imkoniyat yaratadi hamda olib oʻtilayotgan tovarlar va transport vositalarining sifatli bojxona nazoratini ta’minlaydi. Tajriba 2021 yil 1 sentyabrdan 2021 yil oxiriga qadar oʻtkaziladi.
Xalqaro yuk tashishlarda elektron plombalarni qoʻllagan holda avtotransport vositalarini kuzatib borish tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtincha nizom tasdiqlandi.
Hujjatga muvofiq elektron plombalar bojxona nazorati ostidagi tovarlar ortilgan avtotransport vositalarining harakatini masofaviy nazorat qilish maqsadida ularning yuk boʻlimlariga bojxona xizmati organlari xodimlari tomonidan joʻnatuvchi bojxona postida quyidagi hollarda oʻrnatiladi va manzil bojxona postida yechib olinadi:
- huquqni muhofaza qiluvchi organlar va xorijiy davlatlar bojxona xizmatlari yoki huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan oldindan olingan tezkor ma’lumotlar asosida;
- bojxona nazoratining texnik vositalarini qoʻllash yakunlari boʻyicha amaldagi ma’lumotlarning tovarga ilova qilingan hujjatlarda koʻrsatilgan ma’lumotlarga nomuvofiqligi aniqlanganda;
- yuk joʻnatuvchi, yuk qabul qiluvchi yoki tashuvchining talabiga koʻra.
Bojxona nazorati ostidagi tovarlar ortilgan avtotransport vositalarini elektron plombalar bilan ta’minlash, xizmat koʻrsatish hamda kuzatuvni tashkil etish uchun DBQ tomonidan tayyorlangan texnik talablar asosida manfaatdor tashkilotlar (milliy operatorlar) jalb etiladi.
Tovar va transport vositalari bojxona hamrohligida kuzatib borilganda, tirik hayvonlar tashilayotganda, shuningdek tovarlar avtomatlashtirilgan tarzda chiqarib yuborish axborot tizimi orqali eksport bojxona rejimiga rasmiylashtirilganda avtotransport vositalariga elektron plombalar oʻrnatilmaydi.
Elektron plombalardan foydalanganlik uchun yigʻim miqdori Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi hamda joʻnatuvchi bojxona postida bojxona organlari tomonidan tashuvchidan undirib olinadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 8.07.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.



