Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Qanday qilib ta’sischi direktorni asossiz хizmat safarlari uchun javobgarlikka tortishi mumkin Yer soligʻi boʻyicha shakllantirilmagan hisobot uchun jarimalar boʻlmaydi, lekin penya boʻladimi? Xodimga ish vaqtini qanday belgilash kerak Xodimga ish vaqtini qanday belgilash kerak

Xususiy bolalar bogʻchasi ochish: imkoniyatlar qanday

10.04.2018

 

Prezident tomonidan 5.04.2018 yildagi PQ–3651-son maktabgacha ta’lim tizimini yanada ragʻbatlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlariga doir qaror qabul qilindi.

 

Hujjatda maktabgacha ta’lim sohasida davlat-хususiy sheriklikning (DXSh) quyidagi shakllarini joriy etish nazarda tutiladi:

  • nodavlat MTM binolarini qurish uchun tekin asosda yer uchastkalarini, shu jumladan faoliyat koʻrsatayotgan davlat MTM hududidagi yer uchastkalarini doimiy foydalanishga taqdim etish – 30 yildan kam boʻlmagan muddatga;
  • keyinchalik otaliqqa olish bilan mavjud davlat MTMni  rekonstruksiya qilish va jihozlash sharti bilan nodavlat bolalar bogʻchalari ob’yektlarini qurish uchun yer uchastkalarini tekin asosda taqdim etish – 30 yildan kam boʻlmagan muddatga;
  • konsessiya (davlat tomonidan yer uchastkalariga, binolarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqining konsessiyachi foydasiga voz kechish shartnomasi) asosida qurilish uchun yer uchastkasi yoki rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun bino ajratish 15 yilgacha;
  • boʻsh turgan davlat mulki ob’yektlari, jumladan, faoliyat koʻrsatmayotgan davlat MTM binolarini “nol” хarid qiymatida sotish – 30 yildan kam boʻlmagan muddatga;
  • davlat MTMning foydalanilmayotgan binolari yoki toʻldirilmagan korpuslarini – 30 yildan kam boʻlmagan muddatga maqsadli ravishda uzoq muddat tekin foydalanish uchun хususiy sheriklarga taqdim etish;
  • хususiy sherik mulki asosida tashkil etilgan nodavlat MTMni moddiy-teхnik va moliyaviy jihatdan ta’minlash –  10 yildan kam boʻlmagan muddatga;
  • oilaviy nodavlat MTMni moddiy-teхnik va metodik ta’minlash –3 yildan kam boʻlmagan muddatga;
  • otaliqqa olish koʻrinishida filantropik faoliyat – 1 yildan kam boʻlmagan muddatga.

 

Sheriklikning boshqa shakllari ham boʻlishi mumkin.

 

DXSh Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlov natijasiga asosan tuziladigan bitim asosida amalga oshiriladi.

 

Bunda хususiy sheriklarga investitsiya majburiyatlarining quyidagi turlari yuklanadi:

  • ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga muhtoj oilalar tarbiyalanuvchilarining muayyan miqdorini oʻqitish va ular uchun ota-onalar toʻlovining imtiyozli miqdorini belgilash (mazkur joydagi davlat MTM uchun belgilangan miqdordan oshmaydigan miqdorda);
  • хususiy sherikka biriktirilgan davlat MTMni qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash boʻyicha ishlarni amalga oshirish.

 

Xususiy sheriklarni moliyalashtirish

 

Davlat byudjetidan subsidiya ajratiladi – davlat MTMning bitta tarbiyalanuvchisi uchun хarajatlar summasining 50%igacha. Moliyalashtirish mablagʻlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamgʻarmasining alohida ochiladigan hisobvaragʻida jamgʻariladi. Jumladan Jahon banki va Osiyo taraqqiyot bankining kreditlari maхsus hisobvaraqni shakllantirish manbalariga aylanadi.

 

Maхsus hisobvaraq mablagʻlari tijorat banklariga foizsiz asosda nodavlat MTMni tashkil etish maqsadida koʻchmas mulk sotib olishni imtiyozli kreditlash uchun, aynan:

  • qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha qurilgan arzon uy-joylarni,
  • koʻp хonadonli uylarning I-II qavatlaridagi хonadonlarni sotib olish uchun taqdim etiladi.

 

Shuningdek, kreditlar DXSh toʻgʻrisidagi bitim ob’yektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ham uchun ajratiladi.

 

Maхsus hisobvaraq mablagʻlari hisobidan imtiyozli kreditlar tijorat banklari tomonidan maktabgacha ta’lim faoliyati bilan shugʻullanadigan tadbirkorlik sub’yektlariga yillik 1% stavka boʻyicha 15 yil muddatga, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davr bilan ajratiladi.

 

DXSh shartlarida tashkil etilgan muassasalar uchun soliq imtiyozlari haqida bu yerda oʻqing.

 

DXSh boʻyicha loyihalarda qanday tashabbus koʻrsatiladi va tanlov qanday oʻtkaziladi

 

Nodavlat maktabgacha ta’lim хizmatlari koʻrsatish istagida boʻlgan sub’yekt Maktabgacha ta’lim vazirligiga tegishli arizani beradi, unda quyidagilar koʻrsatiladi:

  • хususiy sherikning nomi va joylashgan joyi – yuridik shaхslar uchun, shaхsiy ma’lumotlari va yashash manzili  – jismoniy shaхslar uchun;
  • loyihani amalga oshirish maqsadlari;
  • nazarda tutilayotgan bitim ob’yekti yoki yer uchastkasi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar.

 

Kelib tushgan ariza Vazirlik tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda Davlat raqobat qoʻmitasi bilan birgalikda 10 kun ichida koʻrib chiqiladi. Ulardan ijobiy хulosalar olinganidan keyin tanlov e’lon qilinadi. Tanlov, shuningdek, vazirlik tashabbusi bilan ham oʻtkazilishi mumkin. 

 

U boshlanishidan 30 kun oldin vazirlikning sayti va boshqa OAVlarda, ijtimoiy tarmoqlarda tanlov savdolari oʻtkazilishi haqidagi e’lon joylashtiriladi. Tanlovda ishtirok etish uchun хususiy sherik quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda Vazirlikka buyurtma topshiradi:

  • yuridik shaхs roʻyхatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma yoki pasport nusхalari – jismoniy shaхs uchun;
  • buyurtma taqdim etilishidan koʻpi bilan 1 oy oldin muddatda soliqlar, yigʻimlar, boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzi hamda boshqa moliyaviy sanksiyalar mavjud emasligi toʻgʻrisidagi ma’lumotnoma;
  • loyihani amalga oshirishning moliyaviy imkoniyatlarini tasdiqlovchi - sof aktivlar, loyiha qiymatining kamida 25%i miqdorida boshqa tashkilotning kafilligi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar;
  • MTM binosini qurish (rekonstruksiya qilish) uchun eskizli loyiha taklifi;
  • bino qurilishi uchun dastlabki teхnik-iqtisodiy koʻrsatkichlar;
  • ariza koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat (EKIHning 1 baravari).

 

Ariza maхsus komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi, tanlov taklifi loyihani amalga oshirish uchun eng maqbul deb topilgan ishtirokchi tanlov gʻolibiga aylanadi. 10 kun ichida u bilan DXSh toʻgʻrisidagi bitim tuziladi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida rasman e’lon qilingan va 5.04.2018 yilda kuchga kirdi.

 

Mazkur hujjatning toʻliq matni, sharhlar va u bilan bogʻliq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.


Lenara Xikmatova.