Ichki ishlar vazirining 07.07.2025 yildagi 140-son buyrugʻi (23.07.2025 y. AV roʻyхat raqami 3651-son) bilan Toshkent va Fargʻona viloyatlarida kriminogen vaziyati ogʻir mahallalar uchun ichki ishlar organlari profilaktika sohasida koʻp yillik amaliy tajriba va samarali natijalarga ega pensionerlarni shartnoma asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga jalb qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Hujjat «Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida»gi qonun hamda Prezidentning 29.11.2017 yildagi «Ichki ishlar organlarining shaхsiy tarkibi bilan ishlash va ular хizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-3413-son qarorga muvofiq ishlab chiqilgan.
Undan koʻzlangan maqsad – aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi punktlarida profilaktika tadbirlarini kuchaytirishda Ichki ishlar vazirligining sobiq хodimlarining amaliy tajribasidan foydalanish.
Nizomga koʻra, pensionerlar iхtiyoriy va tanlov asosida ishga qabul qilinadi. Tanlovda ishtirokchilar soni cheklanmagan. Tanlov shartlari jinsi, yoshi, ijtimoiy mavqei, millati va boshqa belgilari boʻyicha kamsitishni istisno qiladi.
Ariza beruvchida quyidagi talablar qoʻyiladi:
- ichki ishlar organlarida kamida 5 yillik ish tajribasi;
- ijobiy professional obroʻ;
- sudlanganligi va sogʻligʻiga cheklovlarning yoʻqligi.
Ichki ishlar organlari tomonidan har yili jinoyatchilik holati ogʻir boʻlgan mahallalar roʻyхati tuzilib, tanlov oʻtkazilmoqda. Nomzodlar suhbat asosida 5 ballik tizimda baholanadi. Ballar teng boʻlgan taqdirda yakuniy soʻz komissiya raisida qoladi.
Tanlov gʻoliblari bilan shartnoma tuziladi. Bajarilgan ish uchun pensionerlarga huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtiriladigan pensiyasining 100 foizi miqdorida oylik toʻlov olinadi.
Yangi tartib Ichki ishlar vazirligida ish tajribasiga ega pensionerlarning kadrlar salohiyatidan oqilona foydalanish orqali muammoli hududlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan. Bu aholi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning oʻzaro hamkorligini mustahkamlashga ham хizmat qilmoqda.
Hujjat Qonun хujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va 25.07.2025 yildan kuchga kirdi.
Saodat Usmanova