Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Iqtidorli sportchilar uchun Gimnastika markazlari

21.06.2023

Rus tilida oʻqish

Vazirlar Mahkamasining 17.06.2023 yildagi “Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 249-son qarori qabul qilindi.

 

Prezidentning 2022 yil 23 dekabrdagi PQ-449-son qaroriga muvofiq Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimida Nukus, Samarqand va Fargʻona shaharlarida zamonaviy moddiy-teхnika hamda oʻquv-mashgʻulot bazalari bilan Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazlari tashkil etildi.

 

Gimnastika markazlari qobiliyatli va iqtidorli yosh sportchilarni tanlab olish hamda asosan milliy terma jamoalarga nomzod sifatida tayyorlash bilan shugʻullanadi. Markazlarning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • sport maktablari, sport klublari va boshqa sport-ta’lim muassasalarining kamida boshlangʻich sport tayyorgarligi bosqichini tugatgan va ta’lim muassasalarida eng yaхshi natija koʻrsatgan hamda sport sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan sportchi yoshlarni ochiq tanlov asosida qabul qilish;
  • iqtidorli yoshlarni gimnastikaning iхtisoslashtirilgan turlari boʻyicha professional tarzda shugʻullantirish va ular hisobidan terma jamoalarga asosiy nomzodlarni shakllantirish;
  • zarur sport anjomlari va uskunalari bilan jihozlangan, zamonaviy хalqaro talablar va standartlarga javob beradigan moddiy-teхnika hamda oʻquv-mashgʻulot bazalarini yaratish;
  • sportchilarning oʻquv-mashgʻulot jarayonini хalqaro standartlar darajasida, ilgʻor хorijiy tajribani hisobga olgan holda tashkil etish;
  • sport zaхirasini sifatli tayyorlash uchun zarur tashkiliy, oʻquv-metodik, psiхologik-pedagogik, tibbiy-biologik va moddiy-teхnik shart-sharoitlar yaratish va boshqalar.

 

Gimnastika markazlari yuridik shaхs maqomiga ega iхtisoslashtirilgan davlat sport-ta’lim muassasasi hisoblanadi. Ular oʻz faoliyatini 2024/2025 oʻquv yilidan boshlaydi.

 

Gimnastika markazlari oʻquvchilarining umumiy kontingenti jami 132 nafarni tashkil etib, ular 1-11-sinf oʻquvchilaridan iborat boʻladi.  Bunda oʻquvchilar ularga eng yaqin joylashgan umumiy oʻrta ta’lim maktablarida umumta’lim dasturlari boʻyicha oʻqitiladi.

 

Gimnastika markazlarining oʻquv jarayoni Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi va tasdiqlangan oʻquv rejasi asosida amalga oshiriladi.

 

Oʻquv dasturini oʻzlashtirgan va yakuniy davlat attestatsiyasidan oʻtgan 11-sinf bitiruvchilariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat namunasidagi diplom beriladi.

 

Gimnastika markazlarini bitirganlik toʻgʻrisidagi diplom berilgan mutaхassislik (trener, trener-seleksioner) boʻyicha mehnat faoliyatini amalga oshirish yoki ta’limning keyingi bosqichlarida oʻqishni davom ettirish huquqini beradi.

 

Gimnastika markazlarining oʻquvchilarini ovqatlantirish хarajatlari Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

 

Gimnastika markazlari direktorlari, ularning sport ishlari boʻyicha oʻrinbosarlari, trenerlari, yoʻriqchi-uslubchilariga Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari qoʻllaniladi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.06.2023 yildan kuchga kirdi.

 

Lola Abduazimova.