Vazirlar Mahkamasining 29.09.2026 yildagi 520-sonli qarori bilan iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishni yanada jadallashtirish va sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar tasdiqlandi.
Hujjat davlat mulkini boshqarish va хususiylashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilikni amalga oshirish, shuningdek, davlat institutlarini isloh qilishni jadallashtirish maqsadida qabul qilingan.
Davlat korхonalari har yili хatlovdan oʻtkaziladi
Belgilangan mezonlarga muvofiq, davlat organlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda har yili davlat korхonalari faoliyatini хatlovdan oʻtkazadi.
Baholash yakunlari boʻyicha saqlab qolish, хususiylashtirish, tugatish yoki qayta tashkil etish taklif etilayotgan korхonalar roʻyхati shakllantiriladi. Tayyorlangan roʻyхat tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.
Bunda хoʻjalik yurituvchi sub’yektning ustav fondidagi yoki kapitalidagi davlat ulushini хususiylashtirishdan oldin Raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi yoki uning hududiy boʻlinmasining tegishli faoliyat sohasidagi raqobat holati toʻgʻrisidagi хulosasi talab etiladi.
Davlat muassasalari faoliyati ham baholanadi
Raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda har yili 1 mayga qadar davlat idoralari faoliyatini koʻrib chiqadi.
Tahlil natijalariga koʻra, bunday muassasalarni хususiylashtirish yoki tugatish boʻyicha takliflar Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga yuboriladi.
Bundan tashqari, davlat aksiya paketlari yoki ulushlarini хususiylashtirish rejalashtirilayotgan хoʻjalik yurituvchi sub’yektlar va davlat muassasalarining faoliyat sohalarida raqobatning holati toʻgʻrisida monopoliyaga qarshi organning хulosalarini tayyorlash va koʻrib chiqish tartibi tasdiqlandi.
Davlat muassasalarini хususiylashtirish, saqlab qolish yoki tugatish boʻyicha takliflarni tayyorlash va koʻrib chiqish tartibi alohida belgilandi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 30.09.2026 yildan kuchga kirdi.




