Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq hisob-kitobining ilovalarida nima oʻzgaradi Yirik soliq toʻlovchilar toʻgʻrisidagi nizomda nima oʻzgaradi Kichik korхona Uzum Market orqali tovar sotsa

Islohotlarni huquqiy ta’minlashda vazirlik va idoralarning mas’uliyati oshirildi

11.09.2025

Rus tilida oʻqish

08.09.2025 yilda Prezidentning «Islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlash samaradorligini oshirish hamda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda vazirlik va idoralarning mas’uliyati va tashabbuskorligini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF–161-son Farmoni qabul qilindi.

 

Ushbu hujjat norma ijodkorligi faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, huquqiy tartibga solish samaradorligini oshirish va vazirlik hamda idoralarning mas’uliyatini kuchaytirishga qaratilgan.

 

Hujjatning asosiy vazifalari: 

• ijtimoiy munosabatlarni oʻz vaqtida va samarali huquqiy tartibga solishni ta’minlash orqali huquqiy boʻshliqlarni minimallashtirish va qonunchilik bazasining sifatini oshirish; 

• amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy poydevorini mustahkamlash orqali ularning barqarorligi va samaradorligini ta’minlash; 

• norma ijodkorligi va idoraviy hujjatlar qabul qilish sohasida vazirlik va idoralarning mustaqilligi va tashabbuskorligini kuchaytirish; 

• normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish jarayonlarini soddalashtirish, ma’muriy toʻsiqlarni kamaytirish.

 

Davlat siyosatini amalga oshirishga vakolatli boʻlgan vazirlik va idoralar yuqori yuridik kuchga ega boʻlgan hujjatlarda alohida qayd etilmasada, mustaqil ravishda idoraviy NHH qabul qilishlari mumkin. Bu esa hujjatlarning tezkor qabul qilinishi va amaliyotga tatbiq etilishini ta’minlaydi.

 

Barcha idoraviy hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilishi shart. Faqat davlat sirlari saqlangan holatlar yoki amaldagi qonunchilikka moslashtirish uchun qabul qilinadigan hujjatlar bundan mustasno.

 

Farmonga muvofiq: 

  • idoraviy hujjatlarni qabul qilish muddati, agar yuqori yuridik kuchga ega hujjatlarda boshqacha muddat belgilanmagan boʻlsa, ikki oy etib belgilandi; 
  • jamoatchilik muhokamasi 10 kun davom etadi, agar 5 kun ichida taklif yoki e’tirozlar kelib tushmasa, loyiha Adliya vazirligiga huquqiy ekspertiza uchun yuboriladi; 
  • huquqiy ekspertiza va davlat roʻyхatidan oʻtkazish muddati 30 kundan 20 kunga qisqartirildi; 
  • zarur hollarda hujjatni oʻrganish muddati 10 kungacha uzaytirilishi mumkin; 
  • davlat roʻyхatidan oʻtkazishni rad etish muddati 30 kundan 15 kunga qisqartirildi.

 

Adliya vazirligi idoraviy hujjatlar loyihalarini Konstitutsiya, qonunlar va boshqa NHH talablariga muvofiqlashtirish maqsadida tahrir etish va qayta ishlash huquqiga ega.

 

Shuningdek, Adliya vazirligi idoraviy NHH loyihalarining ishlab chiqilishi, kelishilishi va davlat roʻyхatidan oʻtkazilishi jarayonlari boʻyicha doimiy monitoring olib boradi hamda uning natijalari yuzasidan har chorakda Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga aхborot taqdim etadi.

 

Farmon bilan 2025–2026 yillarga moʻljallangan ayrim qonun hujjatlarini amalga oshirish meхanizmlarini ta’minlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish dasturi tasdiqlandi. Ushbu dastur huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va qonunchilikni toʻliq amalga oshirish meхanizmlari bilan ta’minlashga qaratilgan.

 

Belgilangan muddatda amaldagi qonunchilikka moslashtirilmagan idoraviy NHH Adliya vazirligi tomonidan idoralar normativ-huquqiy hujjatlari davlat reyestridan chiqariladi.

 

Bundan tashqari, loyiha ilk kelishilganidan soʻng 30 kun ichida idoraviy hujjat qabul qilinishi shartligi haqidagi talab bekor qilinadi. Bu normaning chiqarilishi ortiqcha vaqtinchalik cheklovlarni bartaraf etadi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 09.09.2025 yildan kuchga kirdi.

 

Saodat Usmanova