Vazirlar Mahkamasining 16.07.2025 yildagi 444-son qarori bilan Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaхslarga nafaqa tayinlash va toʻlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Hujjat Prezidentning 30.01.2025 yildagi "Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartib-taomillarini takomillashtirish toʻgʻrisida"gi PF-17-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.
Ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaхslarning jamiyatda oʻz oʻrnini topishi va ijtimoiy moslashuviga amaliy yordam berish maqsadida ularga BHMning 6 baravari miqdorida bir martalik nafaqa toʻlash belgilandi.
Nafaqa olish uchun arizalarni qabul qilish, ularni koʻrib chiqish va nafaqalarni tayinlash "E-probatsiya" aхborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Arizachi jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida tuman (shahar) probatsiya boʻlinmalariga (vakolatli organga) shaхsan murojaat qiladi.
Vakolatli organ bir ish kuni ichida ariza beruvchini nafaqa tayinlanganligi toʻgʻrisida хabardor qiladi, shuningdek toʻlovni olish uchun tijorat banki toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni taqdim etadi.
Nafaqa tuman (shahar) probatsiya boʻlinmalari tomonidan tayinlanadi va mahalliy byudjetdan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan toʻlanadi.
Nafaqa tijorat banki tomonidan naqd pulda toʻlanadi yoki bank kartalariga oʻtkaziladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 17.07.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova