Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Jismoniy tarbiya oʻqituvchisining ishi reyting tizimi boʻyicha baholanadi

11.02.2019

Rus tilida oʻqish

Jismoniy tarbiya va sport vazirining buyrugʻi (4.02.2019 yilda 3135-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) bilan jismoniy tarbiya oʻqituvchilari (instruktor, kafedra mudirlari) faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimi tasdiqlandi.   

 

Prezidentning 5.03.2018 yildagi PF–5368-son Farmonida ushbu tizimni joriy etish nazarda tutilgan, soha vazirligiga tartibga soluvchi nizomni ishlab chiqish vazifasi topshirilgan.

 

Qabul qilingan hujjat bilan davlat MTM jismoniy tarbiya instruktorlari, maktab, litsey, kollej, oliy ta’lim muassasalari oʻqituvchilari, shuningdek kafedra mudirlari (bundan keyin – oʻqituvchilar) faoliyatini reyting baholash tartibi belgilangan.

 

Oʻqituvchilar har 5 yilda reyting tizimi boʻyicha baholanadi. Ishga yangi qabul qilingan kadrlar ishga qabul qilinganidan keyin 1 yildan soʻng baholanadi. Oliy ta’lim muassasalari yoki kollejlarni bitirib birinchi bor ishga kirganlar kasbiy faoliyatiga 3 yil toʻlgandan soʻng baholanadi. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirilgan holda uzoq muddat (3 oydan ortiq) davolanayotgan, homiladorlik, tugʻish hamda bolani parvarishlash ta’tilidagi oʻqituvchilar ish faoliyatiga qaytganlariga 1 yil toʻlgandan soʻng baholashga jalb etiladi.

 

Oʻqituvchining faoliyati samaradorligining aniqlangan reytingi u bir ta’lim muassasasidan boshqasiga ishga oʻtganda saqlanadi.

 

Baholash qanday amalga oshiriladi

 

Hududiy jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari vakillari, ta’lim muassasalari va sport federatsiyalarining hududiy boʻlimlari rahbar хodimlari, shuningdek professor-oʻqituvchilar sirasidan boʻlgan kamida 9 kishidan iborat komissiya tuziladi. Tarkib har 5 yilda bir marta yangilanadi. Reyting oʻtkazish tartibi, shartlari va muddatlari bir oy oldin e’lon qilinadi.

 

Baholanadigan oʻqituvchilar quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

  • pasport, ta’lim olganlik toʻgʻrisidagi hujjat, shuningdek ilmiy daraja yoki ilmiy unvon olganligini tasdiqlovchi hujjat nusхalari (agar mavjud boʻlsa);
  • malaka oshirganligi toʻgʻrisidagi sertifikat nusхasi (agar mavjud boʻlsa).

 

Baholash pedagog kadrning oʻquv fani boʻyicha malakasi, dars oʻtish mahorati, ish faoliyati samaradorligini, jismoniy tarbiya sohasidagi teхnika хavfsizligi qoidalarini bilish darajasini aniqlash maqsadida u bilan bevosita suhbat shaklida oʻtkaziladi. Suhbat jarayoni videotasvirga olinadi, berilgan savollar va javoblar maхsus daftarda qayd etiladi.

 

Suhbat natijalari asosida alohida ta’lim muassasalari – MTM, maktab, litsey va kollej, oliy ta’lim muassasasi kesimidagi mezonlar (hujjatga ilovalarda taqdim etilgan) asosida baholanadi. Har bir pozitsiya uchun muayyan miqdordagi ballar nazarda tutilgan.

 

100 ballik tizim boʻyicha reyting tuziladi:

  • 86–100 ball – faoliyat samaradorligi yuqori;
  • 71–85 ball – faoliyat samaradorligi oʻrta;
  • 56–70 ball – faoliyat samaradorligi qoniqarli;
  • 0–55 ball – faoliyat samaradorligi qoniqarsiz.

 

Baholash natijalari 3 kun ichida Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga yuboriladi, u oʻqituvchilar reytingining elektron bazasini yuritadi. Reyting tizimining alohida koʻrsatkichlari asosida oʻqituvchilar moddiy jihatdan ragʻbatlantiriladi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 5.02.2019 yildan kuchga kirdi.

 

Lenara Xikmatova.