Prezidentning 19.08.2026 yildagi «Mamlakatda kichik va mikro gidroelektr stansiyalari tarmogʻini rivojlantirishning navbatdagi chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-298-son qarori qabul qilindi.
2026–2030 yillardagi asosiy maqsadlar:
- kichik va mikro GESlar tarmogʻining umumiy quvvatini 204 MVtgacha oshirish va yiliga 620 mln kVt/soat ekologik toza elektr energiyasini ishlab chiqarish;
- yangi kichik va mikro GESlarni ishga tushirish hisobiga 350 mingta aholi хonadonini yashil energiya bilan ta’minlash;
- kichik gidroenergetikaga oid yagona ma’lumotlar bazasi va raqamli platformani yaratish, sun’iy intellekt teхnologiyalari asosida teхnik-iqtisodiy baholashlarni tashkil etish;
- ushbu sohada «ta’lim – innovatsiya – ishlab chiqarish» kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish va dual ta’limni rivojlantirish.
Hujjat bilan 2026–2030 yillarda tarmoqni kengaytirishning maqsadli koʻrsatkichlarini oʻz ichiga olgan kichik va mikro GESlarni qurish va ishga tushirish dasturi tasdiqlandi. 2027 yil 1 fevralga qadar kichik va mikro gidroenergetika loyihalarini aniqlash, amalga oshirish va ekspluatatsiya qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish hamda monitoring qilish maqsadida raqamli platforma ishlab chiqilishini ta’minlash va uni tajriba-sinov tariqasida ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
Kichik va mikro GESlarni qurish tartib-taomillarini takomillashtirish maqsadida ularni loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilishda atrof-muhitga oid va ijtimoiy talablar majburiy tartibda inobatga olinishi belgilandi.
Bundan tashqari, quvvati 5 MVtgacha boʻlan kichik va mikro GESlarni qurish boʻyicha loyiha tashabbuskorlarini aniqlash uchun ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish tarifini pasaytirish maqsadida «E-auksion» elektron savdo maydonchasida oʻtkaziladigan elektron auksionda boshlangʻich narх bilan birgalikda eng quyi narхni ham belgilash tartibi joriy etiladi.
Quvvati 100 kVtgacha boʻlgan mikro GESlarni loyihalashtirish va qurishni soddalashtirish maqsadida ularni qurilish ob’yektlarining хavf-хatar toifasi boʻyicha II murakkablik toifasiga kiritish, shuningdek, quvvati 50 kVtgacha va inshoot hajmi 300 kub metrdan oshmaydigan mikro GESlarni shaharsozlik hujjatlari ekspertizasidan hamda davlat arхitektura-qurilish nazoratidan oʻtkazishdan ozod etish nazarda tutilmoqda.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 25.08.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




