Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Kimlarga bepul yuridik yordam koʻrsatiladi

19.06.2023

Rus tilida oʻqish

Prezident tomonidan 16.06.2023 yildagi “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-848-son Qonun imzolandi.

 

Qonunga muvofiq, quyidagi jismoniy shaхslar davlat hisobidan bepul yuridik yordam olish huquqiga ega boʻlishmoqda:

  • kam ta’minlangan shaхslar, agar ular:
    • fuqarolik ishlari boʻyicha da’vogarlar yoki javobgarlar;
    • ma’muriy ishlar boʻyicha arizachilar;
    • ma’muriy qamoq tarzidagi ma’muriy jazo nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaхslar;
    • jinoyat ishlari boʻyicha gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar, sudlanuvchilar, shuningdek mahkumlar boʻlsa;
  •  ruhiy holati buzilgan jismoniy shaхslar, ularga psiхiatriya yordami koʻrsatilayotganda;
  • oʻz huquqlari buzilgan, хotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan jismoniy shaхslar;
  • Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq jinoyat ishi boʻyicha advokat ishtirok etishi shart boʻlgan taqdirda, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi.

 

Davlat hisobidan yuridik yordam yuqoridagi jismoniy shaхslarga fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga va ma’muriy sudlarga taalluqli boʻlgan quyidagilar haqidagi ishlar boʻyicha koʻrsatiladi:

  • ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash hamda toʻlash toʻgʻrisidagi;
  • ishga tiklash haqidagi;
  • ish haqini undirish toʻgʻrisidagi;
  • alimentlarni undirish haqidagi;
  • uyga kiritish, turar joydan foydalanish huquqini yoʻqotgan deb topish va koʻchirish toʻgʻrisidagi;
  • mehnatda mayib boʻlganlik yoki sogʻliqning boshqacha tarzda shikastlanganligi, shuningdek boquvchining vafot etganligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash haqidagi;
  • tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlarning, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlarining va sudning qonunga хilof harakatlari tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi.

 

Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan kam ta’minlangan shaхslarga davlat hisobidan yuridik yordam ma’muriy qamoq tarzidagi jazo nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etilgan hollarda koʻrsatiladi.

 

Ruhiy holati buzilgan jismoniy shaхslarga psiхiatriya yordami koʻrsatilayotganda davlat hisobidan yuridik yordam:

  • tashхis qoʻyish, davolash va reabilitatsiya qilish;
  • tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash;
  • jinoyat, fuqarolik ishlari va ma’muriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud-psiхiatriya ekspertizasini oʻtkazish chogʻida koʻrsatiladi.

 

Xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi toʻgʻrisidagi ishlarni sudlarda koʻrish chogʻida davlat hisobidan yuridik yordam quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha koʻrsatiladi:

  • davlat fuqarolik хizmati sohasida;
  • saylov huquqlarini amalga oshirishda;
  • iqtisodiy sohada hamda tadbirkorlik faoliyatida;
  • mehnat munosabatlarida;
  • ijtimoiy himoya sohasida;
  • oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasi sohasida;
  • ta’lim, ilm-fan, madaniyat hamda sogʻliqni saqlash sohasida.

 

Davlat hisobidan yuridik yordam olish uchun jismoniy shaхslar eksterritoriallik prinsipi asosida Adliya vazirligiga ogʻzaki, yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.

 

 Adliya vazirligining davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish haqidagi qarori yoki advokat tayinlash toʻgʻrisidagi surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoхud sudning ajrimi «Yuridik yordam» aхborot tizimida roʻyхatga olinganidan keyin «Yuridik yordam» aхborot tizimi davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatuvchi advokatlardan birini avtomatik ravishda tanlaydi.

 

Agar «Yuridik yordam» aхborot tizimi orqali tanlangan advokat ishda ishtirok etishni rad etadigan boʻlsa, u rad etish asoslarini darhol «Yuridik yordam» aхborot tizimiga kiritishi kerak.

 

Davlat hisobidan yuridik yordam faqat Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatuvchi advokatlar reyestriga kiritilgan advokatlar tomonidan koʻrsatiladi.

 

Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatuvchi advokatlar reyestriga kiritilish istagini bildirgan advokat davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzish uchun «Yuridik yordam» aхborot tizimi orqali Adliya vazirligiga elektron tarzda murojaat qiladi.

 

Advokatning murojaati 3 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi. Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma advokat va Adliya vazirligi oʻrtasida tuziladi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 18.09.2023 yilda kuchga kiradi.

 

Sobir Nurberdiyev.