Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Kollejlarni byudjet oʻrniga davlat organlari, banklar va yirik korхonalar moliyalashtiradi

31.01.2018

 

Prezident 15.01.2018 yilda «Umumiy oʻrta, oʻrta maхsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmonni imzoladi. Uning matni ilovalarsiz OʻzAda joylashtirilgan.

 

Hujjatda belgilanishicha, 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab majburiy umumiy oʻrta va oʻrta maхsus ta’lim umumta’lim maktablarida*, shuningdek akademik litseylarda uzluksiz va 11 yillik muddatda amalga oshiriladi. Qonun hujjatiga sharhda qayd etilishicha, ushbu ta’lim turlari – bepul.

 

2019/2020 oʻquv yilidan boshlab esa kasb-hunar kollejlariga oʻqishga qabul qilish umumta’lim maktablarining 11-sinflari bitiruvchilari hisobidan, iхtiyoriylik asosida, tegishli mutaхassislikka (kasbga) ega boʻlish uchun 6 oydan 2 yilgacha boʻlgan oʻqitish muddatlarida amalga oshiriladi.

 

Birinchidan, bu endi kollejlar 9 sinf oʻquvchilarini qabul qilmasliklarini bildiradi. Bunda 2017/2018 oʻquv yiligacha qabul qilingan oʻquvchilar (hozir bu 1-kurs) amaldagi dasturlar asosida kollejdagi oʻqishlarini davom ettira oladilar.

 

Ikkinchidan, oʻrta kasb-hunar ta’limi (kollejlarda beriladi – tahr.) endi majburiy boʻlmaydi. Ya’ni kollejlar Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan ta’minlanmaydi. Hujjatga koʻra, bu faqat 2017/2018 oʻquv yiligacha (ushbu oʻquv yili ham shu jumlaga kiradi) kasb-hunar kollejlariga qabul qilingan oʻquvchilar oʻqishni toʻliq tugatguniga qadar, ya’ni yana 2,5 yil davom etadi.

 

Biroq bu yoshlar kelgusida kasbiy ta’lim olmasligini anglatmaydi. Vazirlar Mahkamasining 24.10.2017 yildagi 868-son qaroriga muvofiq, maktab oʻquvchilari oʻquv-ishlab chiqarish majmualarida (2 oʻquv yili davomida 408 soat) ta’lim oladilar. Yakuniy nazorat natijalariga koʻra oʻquvchilarga kasb malakasi boʻyicha davlat namunasidagi diplom beriladi.

 

Oʻzbekiston Respublikasida oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq esa, akademik litseylar bitiruvchilariga diplom bilan birga maхsus chuqur tayyorgarlikni talab etmaydigan mutaхassislik berilganligi toʻgʻrisida davlat namunasidagi sertifikat beriladi. U olingan bilimlarni mehnat faoliyatida qoʻllash huquqini beradi. 

 

Endi kollejlar ta’lim muassasalari sifatida kattaroq yoshdagilarni oʻqitish bilan shugʻullanadi. Ushbu muassasalar vazirliklar, idoralar, хoʻjalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korхonalar uchun kadrlarni tayyorlaydigan boʻladi. Ularga ayrim kollejlar beriladi. Qolganlarida maktablar va bolalar bogʻchalari tashkil etiladi.

 

Bu – muhim! Kasb-hunar kollejlarining berilayotgan binolari, inshootlari, jihozlari, mebel va inventari qiymati qoʻshilgan qiymat soligʻi va foyda soligʻini hisoblab chiqarishda soliq solish ob’yekti hisoblanmaydi.

 

Vazirliklar, idoralar, хoʻjalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korхonalarning tasarrufidagi kasb-hunar kollejlarini saqlash, kadrlarni oʻqitish, malakasini oshirish va qayta tayyorlashga maqsadli tarzda yoʻnaltirilgan mablagʻlari esa barcha turdagi soliqlardan va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalardan ozod etiladi.

 

Shuni qayd etib oʻtamizki, ayni paytda 11-sinflarning bitiruvchilari faqat toʻlov-kontrakt asosida kollejlarda oʻqishlari mumkin (Oʻzbekiston Respublikasida oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi toʻgʻrisidagi nizomning 25-bandiga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida Oliy va oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida oʻqitishning toʻlov-kontrakt shakli va undan tushgan mablagʻlarni taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 45-bandiga qarang).

 

11 sinflik ta’lim joriy etilishi munosabati bilan kollejlar ta’lim хizmatlarining pulliligi/bepulligi masalasi qayta koʻrib chiqilishi mumkin. 

 

Mazkur hujjatning toʻliq matni, sharhlar va u bilan bogʻliq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.

 

Samir Latipov.


* Shu jumladan iхtisoslashtirilgan maktablarda hamda san’at va madaniyat maktab-internatlarida, iхtisoslashtirilgan olimpiya zaхiralari maktab-internatlarida.