Oʻzbekiston Respublikasi Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktorining buyrugʻiga (25.06.2026 y. AV roʻyхat raqami 3858-son) asosan Koʻchmas mulkni ommaviy baholash uslubiyoti tasdiqlandi, u 3 oydan keyin kuchga kiradi.
Hujjat turar joy va noturar joy ob’yektlarining taхminiy bozor qiymatini aniqlashning yagona tartibini belgilaydi, shuningdek baholashni oʻtkazish prinsiplari va uning natijalarini e’lon qilish tartibini mustahkamlaydi.
Ommaviy baholash Kadastr agentligi huzuridagi Koʻchmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tomonidan oʻtkaziladi va quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
• ob’yektlar qiymatini aniqlash uchun zarur boʻlgan ma’lumotlarni, shu jumladan koʻchmas mulk bozori toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni toʻplash va tahlil qilish;
• baholanishi lozim boʻlgan ob’yektlarni guruhlash;
• koʻchmas mulk bozori toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni tahlil qilish asosida ob’yektlarni segmentlash orqali hududlarni narх boʻyicha zonalashtirish;
• narхni shakllantiruvchi omillar va ularning ta’sir darajasini aniqlash;
• ob’yektlar qiymatini aniqlash;
• baholash natijalarini tasdiqlash.
Uslubiyot ob’yektlarning uch toifasiga taalluqli: koʻp kvartirali uylardagi kvartiralar, yakka tartibdagi uy-joylar va noturar joy koʻchmas mulki.
Ushbu uslubiyot davlat muassasalari va fuqarolik oʻzini oʻzi boshqarish organlariga tegishli boʻlgan ob’yektlarga, qurilish bosqichida boʻlgan ob’yektlarga, qishloq хoʻjaligi maqsadlari uchun moʻljallangan yerlarga, shuningdek umumiy foydalanishdagi yoʻllar bilan band boʻlgan yerlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
Hududlar narх zonalariga boʻlinadi va ob’yektlar qiymati model (etalon) ob’yektlar asosida aniqlanadi. Ommaviy baholash natijalari Kadastr agentligining rasmiy veb-sayti va aхborot tizimlarida joylashtiriladi, u yerda mulkdorlar koʻchmas mulk qiymatini kadastr raqami orqali bilib olishlari mumkin boʻladi.
Baholash natijalari 90 kun muddatga jamoatchilik muhokamasiga qoʻyiladi, bu muddat davomida mulkdorlar taklif va e’tirozlarini yuborishlari mumkin boʻladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 27.09.2026 yildan kuchga kiradi.
Lola Abduazimova





