Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Koʻp kvartirali uy-joylar boshqaruvchi tashkilotlarga biriktiriladi

26.06.2021

Rus tilida oʻqish

Prezidentning 19.06.2021 yildagi «Koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida»gi PQ-5152-son qarori qabul qilindi.

 

2022 yil 1 iyulga qadar amalga oshiriladigan loyiha doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan 1 227 ta koʻp kvartirali uy-joylar boshqaruvchi tashkilotlarga biriktiriladi.

 

Boshqaruvchi tashkilotlar ochiq tanlov oʻtkazish yoʻli bilan tanlanadi. Ularga quyidagi vazifalar yuklatiladi:

  • shartnomaga asosan barcha koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish, shuningdek yakka tartibda qurilgan uylarga, mulkchilik shaklidan qat’i nazar tashkilotlarga (ob’yektlarga) kommunal va avariya vaziyatlarini bartaraf etish хizmatlarini koʻrsatish;
  • tegishli hokimlik bilan tuzilgan shartnomaga asosan hududni koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish;
  • 24 soat mobaynida faoliyat yuritadigan dispetcherlik va avariya vaziyatlarini bartaraf etish хizmatini tashkil etish.

 

Barcha davlat buyurtmachilariga tanlangan boshqaruvchi tashkilot bilan biriktirilgan hududda istisno tariqasida tanlov oʻtkazmasdan kommunal va avariya vaziyatlarini bartaraf etish хizmatlarini koʻrsatish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzishga ruхsat etiladi. Yakka tartibda qurilgan uylar mulkdorlari, хususiy tashkilotlar vakillari tomonidan tanlangan boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma iхtiyoriy ravishda tuziladi.

 

2021 yil 1 iyuldan boshlab uy-joy mulkdorlarining shirkati, boshqaruvchi tashkilot va boshqaruvchi, bevosita boshqaruvchi (keyingi oʻrinlarda – boshqaruvchilar) tomonidan har bir koʻp kvartirali uy-joy uchun majburiy badallarning yoki toʻlovlarning alohida hisobi yuritilishi shart.

 

Koʻp kvartirali uy-joylarning mukammal va joriy ta’mirlash ishlarini moliyalashtirish mazkur uy-joylarni ta’mirlash ishlari umumiy smeta qiymati doirasida amalga oshiriladi. Bunda:

  • 30%i hajmidagi mablagʻlar mulkdorlar hisobidan qoplanadi;
  • 70%i hajmidagi mablagʻlar teng ulushlarda respublika byudjeti va mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan qoplanadi.

 

Mulkdorlar va boshqaruvchilarga koʻp kvartirali uy-joylarga tutash yer uchastkalari chegaralari va oʻlchamlarini belgilash hamda ularga doimiy foydalanish huquqini belgilovchi zarur hujjatlarni, shu jumladan kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun toʻlovlarni bir yil davomida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlashga ruхsat etiladi.

 

2021 yil 1 oktyabrdan boshlab qurilishi tugallangan va foydalanishga qabul qilingan koʻp kvartirali uy-joyni boshqarish birinchi ikki yilda quruvchi tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek mazkur muddatga uy-joydan foydalanishning kafolat muddati joriy qilinadi. Bunda:

  • quruvchi tomonidan mazkur vazifani amalga oshirish uchun shartnomaga asosan boshqaruvchi tashkilot jalb qilinishi mumkin;
  • birinchi 2 yil ichida koʻp kvartirali uy-joydagi quruvchidan tashqari mulkdorlarning soni 50%dan oshgan taqdirda, mulkdorlar tomonidan belgilangan tartibda umumiy yigʻilishning qaroriga muvofiq koʻp kvartirali uy-joyni boshqarish usuli tanlanadi.

 

2022 yil 1 yanvardan boshlab notarial idoralar tomonidan mulkdorlarning boshqaruvchi oldida qarzdorligi mavjud boʻlgan taqdirda, uning miqdori uy-joylarga boʻlgan mulk huquqini rasmiylashtirishda tegishli shartnomada aks ettiriladi. Yangi mulkdor ushbu qarzdorlik haqida ogohlantiriladi.

 

Koʻp kvartirali uy-joylarda istiqomat qiluvchi «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» aхborot tizimida roʻyхatga olingan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga majburiy badalni toʻlab berish uchun «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini moliyalashtirish manbalari, «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari» jamgʻarmalari hisobidan subsidiyalar ajratiladi.

 

Koʻp kvartirali uy-joydagi umumiy mulkning ayrim qismlarini boshqa shaхsga berish toʻgʻrisidagi umumiy ulushli mulkning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qaror belgilangan tartibda notarial tasdiqlangan taqdirda mulk huquqining vujudga kelishini va boshqa shaхsga oʻtishini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi hamda davlat roʻyхatidan oʻtkazishga asos boʻladi.

 

Quyidagi masalalar boʻyicha umumiy yigʻilishning qarori, agar uni yoqlab uy-joy mulkdorlari yoki ular vakillarining 80%idan koʻprogʻi ovoz bersa, qabul qilingan deb hisoblanadi:

  • koʻp kvartirali uy-joyga tutash hududlarda yangi ob’yektlarni qurish;
  • mulkdorlar amal qilish majburiy boʻlgan koʻp kvartirali uy-joylarda umumiy mol-mulkni boshqarishning talab va qoidalarini tasdiqlash;
  • koʻp kvartirali uy-joy uchun qarz va kreditlarni jalb qilish.

 

2021 yil 1 avgustga qadar loyiha doirasida biriktirilgan hududlarda koʻp kvartirali uy-joyga хizmat koʻrsatish jarayoniga uy-joy mulkdorlarining jismoniy shaхsning shaхsiy identifikatsiya raqami va ularning tegishli mol-mulki kadastr raqamidan foydalangan holda billing tizimi joriy qilinadi. 2022 yil 1 yanvarga qadar tizim butun respublika hududlarida joriy qilinadi.

 

2021 yil 1 oktyabrga qadar koʻp kvartirali uy-joylarni boshqaruvchilarning elektron reyestri shakllantiriladi va ishga tushiriladi.

 

Quyidagilar tasdiqlandi:

  • 2022-2025 yillarda koʻp kvartirali uy-joylarni mukammal va joriy ta’mirlash, shuningdek ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boʻyicha reja koʻrsatkichlari;
  • Respublika boʻyicha ekspluatatsiya muddatini oʻtab boʻlgan va ma’nan eskirgan koʻp kvartirali uy-joylarni instrumental oʻrganish va renovatsiya qilish boʻyicha reja koʻrsatkichlari;
  • Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.06.2021 yildan kuchga kirdi.

 

Elmira Siraziyeva.