Prezidentning 6.03.2018 yildagi «Avtomobil transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ–3589-son qarori imzolandi. Hujjat matni davlat rahbari saytida joylashtirilgan.
Sohani boshqarish tizimi isloh qilindi
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining daryo transporti sohasidagi davlat boshqaruvi boʻyicha vakolati FVVga oʻtkazildi. Tegishincha, idora Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi («Oʻzavtotrans» agentligi) etib qayta nomlandi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va poytaxtdagi shahar yoʻlovchi transportini boshqarish boʻyicha maxsus vakolatli organlar va departamentlar «Oʻzavtotrans» agentligining tegishli hududiy boshqarmalariga birlashtiriladi.
Shuningdek quyidagilar agentlik tarkibiga oʻtkazildi:
- Nukus avtomobil yoʻllari xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish kasb-hunar kolleji;
- Andijon transport va xizmatlar koʻrsatish kasb-hunar kolleji;
- Samarqand avtomobil yoʻllari kasb-hunar kolleji.
Ikkita muassasa qayta nomlandi:
- Avtomobil va daryo transportini rivojlantirishni normativ-texnik ta’minlash respublika markazi – «Oʻzavtotranstexnika» ilmiy-ishlab chiqarish markazi» DK deb;
- «Avtodaryotrans-ilm» kasb malakasini oshirish davlat ilmiy-metodik markazi – «Avtomobil transporti kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti» DK deb.
Avtomobil transportini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etildi
U yuridik shaxsni tashkil etmagan holda faoliyat yuritadi. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari va moliyalashtirish yoʻnalishlari quyidagicha etib belgilangan.
|
Mablagʻlarni shakllantirish manbalari |
Moliyalashtirish yoʻnalishlari |
|
shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro avtomobilda yoʻlovchilar va yuk tashishlarni amalga oshirishga litsenziyalar berish va ularning amal qilish muddatini uzaytirish uchun toʻlanadigan davlat boji mablagʻlarining 100%i |
ilmiy-tadqiqot ishlari, yoʻlovchilar avtovokzallari va avtostansiyalari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlariga qarashli boʻlgan umumiy foydalanishdagi yoʻlovchilar yoʻnalishlari oraliq bekatlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash boʻyicha dasturlar |
|
«Oʻzavtotrans» agentligining hududiy boshqarmalari inspektorlari tomonidan avtomobil tashuvlari sohasida tuzilgan ma’muriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi bayonnomalar boʻyicha undiriladigan jarimalar summasining 84%i |
avtotransport vositalarini xarid qilish
|
|
Jamgʻarmaga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun jalb etiladigan xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari va boshqa donorlar kreditlari (zayomlari) va grantlari |
avtomobil transportini boshqarish tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish
|
|
davlat va xususiy hamkorlik doirasidagi xususiy investitsiyalar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar |
«Oʻzavtotrans» agentligini saqlash |
Shu’balar tashkil etildi, maqsadli parametrlar va AKTni joriy etish dasturi tasdiqlandi
Birinchidan, avtomobilda tashish bilan bogʻliq masalalarni tezkor hal etish uchun shahar va tumanlardagi avtomobil tashuvlarini muvofiqlashtirish shu’balari tashkil etiladi.
Ikkinchidan, 2018–2021 yillar uchun tasdiqlangan maqsadli parametrlarga muvofiq yoʻlovchilar tashiydigan 437 ta yangi avtobus yoʻnalishi tashkil etiladi, 84 ta yoʻlovchi avtovokzallari va avtostansiyalari quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Avtomobilda xalqaro tashishlarni amalga oshirayotgan milliy tashuvchilarning parki katta hajmli yuk avtotransport vositalarining 3824 birligi bilan yangilanadi.
Uchinchidan, Avtomobil transporti boshqaruv tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish dasturi tasdiqlandi. Uning umumiy hisob-kitob qiymati qariyb 90 mlrd soʻmni tashkil etadi. Dastur sohada innovatsion loyihalarni amalga oshirish doirasida zamonaviy intellektual transport tizimining muhim elementlarini faol joriy etishga yoʻnaltirilgan.
Imtiyozlar berildi
1.01.2022 yilgacha boʻlgan muddatga quyidagilarni toʻlashdan ozod etildi:
lizing tashkilotlari va xalqaro avtotashuvlarni amalga oshiruvchi milliy tashuvchilar – mamlakatimizga olib kirilayotgan va oʻzimizda ishlab chiqarilib, xarid qilinayotgan yangi yuk avtotransport vositalarini IIV organlarida roʻyxatdan oʻtkazishda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga undiriladigan yigʻimlar toʻlovi;
asosiy faoliyat turi avtobuslarda yoʻlovchilar tashishni amalga oshirish boʻlgan umumiy foydalanishdagi shahar yoʻlovchilar transporti tashkilotlari – yer soligʻi toʻlovlari.
«Oʻzavtotrans» agentligi va uning tomonidan tashkil etiladigan ixtisoslashgan korxonalarga ham bir qator soliq va bojxona imtiyozlari berilgan.
Mazkur hujjatning toʻliq matni, sharhlar va u bilan bogʻliq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» axborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Oleg Zamanov.



