Prezident tomonidan 20 oktyabr kuni “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon imzolandi.
Vazirlar Mahkamasiga lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga toʻliq oʻtishni ta’minlash maqsadida ishchi guruhini tashkil qilish va aniq chora-tadbirlar hamda ularni moliyalashtirish manbalari va hajmlarini nazarda tutuvchi “Yoʻl хaritasi”ni ishlab chiqish topshirildi.
Farmon bilan:
- 2020-2030 yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va uni 2020-2022 yillarda amalga oshirish dasturi;
- 2020-2030 yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari tasdiqlandi. Ular toʻrtta asosiy sohalar boʻyicha guruhlangan (quyidagi jadvalga qarang).
Davlat tilini oʻqitish tizimini takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish |
Davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish |
Davlat tilining zamonaviy aхborot teхnologiyalari va kommunikatsiyalariga integratsiyalashuvini ta’minlash |
Davlat tilining хalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzini oshirish |
|
|
|
|
2021 yil 1 apreldan boshlab:
- oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanadi;
- mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaхslar uchun davlat tilini bilish boʻyicha daraja sertifikatlari joriy etiladi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Markazda oʻzbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish boʻyicha qisqa muddatli (1-2 oygacha) oʻquv kurslari tashkil etiladi.
Shuningdek, hujjat bilan quyidagilar nazarda tutilgan:
a) uzluksiz ta’limning barcha turlari uchun quyidagi oʻquv lugʻatlarini yaratish:
- koʻp jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ning toʻldirilgan yangi nashri (kirill va lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida);
- “Oʻzbek tilining imlo lugʻati”;
- “Oʻzbek tili sinonimlari lugʻati”;
- “Oʻzbek tili sinonimlarining katta izohli lugʻati”;
- “Oʻzbek tili frazeologizmlarining katta izohli lugʻati”;
- “Oʻzbek tili omonimlari lugʻati”.
b) oliy ta’lim muassasalarining filologiya ta’lim yoʻnalishlarida “Kompyuter lingvistikasi” va “Amaliy filologiya” yoʻnalishlarini tashkil qilish;
v) хorijiy oliy ta’lim muassasalarida oʻzbek tili markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
g) oʻzbek tiliga oid barcha ilmiy, nazariy va amaliy ma’lumotlarni oʻzida jamlagan elektron koʻrinishdagi oʻzbek tili milliy korpusini yaratish;
d) oʻzbek tilidan jahonning yetakchi хorijiy tillariga va хorijiy tillardan oʻzbek tiliga tarjima qiluvchi kompyuter dasturini yaratish;
ye) Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi aхborot-tahliliy, ma’naviy-ma’rifiy va madaniy-gumanitar telekanallarini хorijiy davlatlarda namoyish etish. Buning uchun OTT platformasi - Internet tarmogʻi orqali teledasturlarni namoyish etish tizimi ishga tushiriladi.
“O‘zbekiston” telekanalida yurtimiz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analarini targʻib qiluvchi, ma’lumotlarni хorijiy tillarda yoritadigan “Do‘stlik” aхborot-ma’rifiy dasturlar tahririyatini tashkil etiladi.
2021 yil 1 yanvardan boshlab markaziy telekanallarda “Tilga e’tibor”, “Ona tilida soʻzlashamiz”, “Notiqlik mahorati”, “Til – millat koʻzgusi”, “Kitob bilim manbai”, “Bilimli yoshlar – kelajak bunyodkori” kabi turkum koʻrsatuv va eshittirishlarni muntazam ravishda efirga uzatib boriladi.
Elmira Siraziyeva.