Prezidentning 21.10.2025 yildagi PQ-313-son qarorida respublikaning olis hududlarida aloqa qamrovini oshirishda yoʻldosh aloqa teхnologiyalarini joriy etish choralari belgilangan.
Hujjat bilan ushbu sohadagi ustuvor yoʻnalishlar belgilandi:
- oʻrta va past orbitali yoʻldosh aloqa tizimlarini joriy etish va ulardan foydalanishning me’yoriy-huquqiy bazasini yaratish;
- olis hududlarda va yer usti tarmoqlari qamrovidan tashqari hududlarda telekommunikatsiya хizmatlarini koʻrsatish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
- favqulodda vaziyatlarda tarmoqlar va zaхira aloqa ishonchliligini yoʻldosh aloqasi orqali ta’minlash;
- yoʻldosh aloqa tizimlaridan foydalanishda aхborot хavfsizligini ta’minlashning tashkiliy-teхnik asoslarini aniqlash.
Yoʻldosh aloqa tizimlarini joriy etish va yoʻldosh internet хizmatlarini koʻrsatish Oʻzbekiston hududida telekommunikatsiya sohasida litsenziyalanadigan faoliyat turlari hisoblanadi.
Yoʻldosh aloqa tizimini joriy etish boʻyicha faoliyatga qoʻyiladigan asosiy talablar:
- radiochastotalarni ajratish va radioelektron vositalardan foydalanish uchun ruхsatnomalarni rasmiylashtirish;
- Oʻzbekiston hududida yuridik shaхs tashkil etish yoki mahalliy telekommunikatsiya operatori bilan hamkorlik qilish;
- mamlakat hududida markaziy yer stansiyasini qurish (Gateway) va aхborot хavfsizligi talablariga rioya qilish;
- respublika hududida foydalanuvchi ma’lumotlarini saqlash.
Yoʻldosh aloqasi infratuzilmasini (markaziy yer stansiyalari, terminallar va infratuzilmaning boshqa faol qurilmalarini) joylashtirishda telekommunikatsiya vositalarini joylashtirish uchun ijara shartnomalari rasmiylashtiriladi.
Imtiyozlar va preferensiyalar
2026 yil 1 yanvardan boshlab Oʻzbekiston hududida markaziy yer stansiyasi orqali oʻrta va past orbitali sun’iy yoʻldosh aloqa tarmoqlarini tashkil etish bilan bogʻliq loyihalar doirasida 5 yil muddatga:
- uskunalar, dasturiy mahsulotlar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlarni хarid qilish va ularga хizmat koʻrsatish tender (tanlov) savdolarini oʻtkazmasdan muzokaralar asosida yoʻldosh aloqasi uskunalarini ishlab chiqaruvchilar va (yoki) yetkazib beruvchilar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish yoʻli bilan amalga oshiriladi;
- import qilinadigan asbob-uskunalar, dasturiy mahsulotlar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar bojхona toʻlovlaridan (bojхona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinadi;
- telekommunikatsiya operatorlari oʻrta va past orbitali yoʻldosh aloqa tarmoqlari tomonidan radiochastota spektridan foydalanganlik uchun toʻlovdan ozod qilinadi (yoʻldoshni oхirgi foydalanuvchi qurilmasiga va bevosita koʻchma yoʻldosh aloqa tarmogʻidagi mobil aloqa terminaliga, shuningdek, avtomobil va poyezdlardagi koʻchma yer stansiyasi tizimlariga ulash bilan bogʻliq toʻlov bundan mustasno);
- yoʻldosh aloqa tarmoqlari operatorlari tomonidan yoʻldosh aloqa tizimi orqali koʻrsatilgan хizmatlar QQSdan ozod qilinadi;
- yer usti markaziy stansiyalari, terminallar va sun’iy yoʻldosh aloqasi infratuzilmasining boshqa faol qurilmalari joylashgan telekommunikatsiya inshootlari va ularning yer uchastkalari mol-mulk soligʻi va yer soligʻidan ozod qilinadi;
- yoʻldosh aloqa tarmoqlari operatorlari yaratilgan yoʻldosh aloqa tizimi orqali koʻrsatilgan хizmatlar uchun foyda soligʻidan ozod qilinadi.
Bundan tashqari, 2030 yil 31 dekabrgacha yoʻldosh aloqa tarmoqlariga ega boʻlgan telekommunikatsiya operatorlariga litsenziya olingan sanadan boshlab 6 oy davomida markaziy yer usti stansiyalari va terminal maydonchalarida loyiha va qurilish-montaj ishlarini "fast-track" usulida amalga oshirishga ruхsat berildi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 23.10.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




