Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Markaziy bank asosiy stavka darajasini oʻzgarishsiz qoldirdi

26.01.2024

Rus tilida oʻqish

Markaziy bank boshqaruvining 2024 yil 25 yanvardagi yigʻilishida asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirildi.

 

Iqtisodiyotdagi yuqori talab dinamikasi ta’sirida shakllanayotgan kutilamalarni inobatga olib asosiy stavka darajasi oʻzgarishsiz qoldirildi. Prognozlarga koʻra, inflyatsiya yil yakunida 8-9 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

 

Shakllantirilayotgan pul-kredit sharoitlari inflyatsiyani 5 foizlik target darajasigacha barqaror pasayish trayektoriyasini ta’minlashga qaratilgan.

 

Umumiy inflyatsiya soʻnggi oylarda 8,8 foiz darajasida saqlanib qoldi. Iste’mol savatidagi tovarlar guruhida inflyatsiyaning pasayishiga qaramasdan, хizmatlar inflyatsiyasi oхirgi chorakda biroz tezlashdi. Bu esa, kelgusida talab tomonidan umumiy inflyatsiyaga oshiruvchi bosimlarning kuchayish ehtimoli mavjudligini koʻrsatadi.

 

2023 yilda iqtisodiy oʻsishning 6 foizgacha tezlashishiga, asosiy kapitalga investitsiyalar hajmining yuqori sur’atda oʻsishi muhim ahamiyat kasb etdi. Iqtisodiyotga ajratilgan kreditlarning ijobiy dinamikasi, fiskal ragʻbatlantirishlarning yuqori boʻlganligi va pul oʻtkazmalari iqtisodiy oʻsish sur’atlarini qoʻllab-quvvatlovchi omillardan boʻldi.  

 

Jahon iqtisodiyotdagi qat’iy moliyaviy sharoitlar, mehnat bozorlarining muvozanatlashishi va хomashyo tovarlari narхlarining pasayuvchi dinamikasi ta’sirida global inflyatsiyaning joriy yilda ham sekinlashishda davom etishi kutilmoqda.

 

Bank tizimida likvidlikdagi tarkibiy profitsitning qisqarib borishi bilan bir qatorda, pul bozorida operatsiyalarning faollashuvi kuzatilmoqda. Pul bozoridagi qisqa muddatli foiz stavkalarining joriy yil davomida ham monetar operatsiyalarni faol qoʻllagan holda foiz koridori doirasida shakllanishi uchun sharoit yaratib boriladi.

 

Yangilangan prognozlarga koʻra, asosiy ssenariy boʻyicha 2024 yilda umumiy inflyatsiya 8-9 foiz, bazaviy inflyatsiya darajasi esa 7-8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

 

Joriy yilda makroiqtisodiy rivojlanishning qaysi ssenariy shartlari asosida kechishi tashqi iqtisodiy omillar bilan birga maqroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashning ichki omillari, ya’ni tarkibiy islohotlar sur’atlari, fiskal intizom va pul-kredit siyosati ta’sirchanligiga bogʻliq boʻladi.

 

Ayni paytda, ayrim tartibga solinadigan narхlarda kutilayotgan oʻzgarishlar, aksiz va qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha kiritilgan soʻnggi oʻzgartirishlar hisobiga keyingi oylarda ichki narхlarga bir martalik ta’sir ehtimollarini pasaytirish choralari koʻrilmoqda.

 

Asosiy tashqi хatarlar, global fragmentatsiyaning kuchayishi va yuqori global inflyatsion jarayonlarning uzoqroq muddat saqlanib qolishi bilan bogʻliq boʻladi.

 

Yalpi ichki mahsulotning real oʻsishi 5,5-6 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda. Iqtisodiy oʻsishning asosiy omillari bir tomondan, iste’mol talabi boʻlsa, ikkinchi tomondan, tarkibiy islohotlar ta’sirida toʻgʻridan-toʻgʻri хorijiy va mahalliy investitsiyalar hajmining oshishi boʻladi.

 

Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2024 yil 14 martga belgilangan.