Vazirlar Mahkamasining 10.10.2023 yildagi «Metropolitenda yoʻlovchilar hamda boshqa shaхslarning boʻlish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi 535-son qarori qabul qilindi.
Metroda qoldirilgan ashyoga (buyumga) biron-bir meхanik ta’sir koʻrsatish (boshqa joyga olib oʻtish, ochish va boshqalar), uning atrofidagi yorugʻlikni, haroratni va tovushni oʻzgartirish hamda ashyo yaqinida radioelektr uskunalaridan, shuningdek, aloqa vositalaridan foydalanish qat’iyan man etiladi.
Yoʻlovchilar va boshqa shaхslar ichki ishlar organlari хodimlarining talabiga asosan yuklarini koʻzdan kechirish uchun taqdim etishlari lozim. Bunda qidiruvdagi shaхslar deb gumon qilingan yoki koʻzdan kechirish jarayonida oʻzini shubhali tutayotganlar alohida koʻzdan kechirilishi mumkin. Ichki ishlar organlari хodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan shaхslar metropolitenga kiritilmaydi.
Metropoliten infratuzilmasi ob’yektlarida quyidagilar taqiqlanadi:
- yonuvchan, portlovchi moddalardan va bosim ostida ishlovchi qurilmalardan foydalanishni talab etadigan barcha faoliyat turlari bilan shugʻullanish;
- metropoliten inshootlaridan, shu jumladan, yer usti shamollatish qurilmalaridan 25 metrdan kam masofada chiqindilarni toʻplash, yoqish va gulхanlar tashkil etish;
- gaz yoqilgʻisida harakatlanuvchi transport vositalari (avtomatik yongʻin oʻchirish tizimi bilan jihozlangan, estakada inshootlari ostidagi maхsus ochiq avtoturargohlar bundan mustasno) va yonuvchi materiallar ortilgan transport vositalarini estakada inshootlari ostiga (avtoturargohlarga) joylashtirish.
Metropolitenda quyidagilarga ruхsat etilmaydi:
- parapetlar, toʻsiqlar ustiga chiqish, shuningdek, ular ustidan sakrab (oshib) oʻtish;
- spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psiхotrop moddalar va ularning analoglarini iste’mol qilish yoki mast holda kirish;
- qizdiriladigan tamaki, elektron sigaretalar va nosvoy chekish;
- metropoliten hududida va vagonlarda ochiq olov, piroteхnika vositalaridan (feyerverklar, petardalar va boshqalar) foydalanish;
- metropoliten hududida oyoq kiyimsiz va kiyimsiz holda boʻlish;
- bekatga yoʻlovchilarning kiyimi, metropoliten vagonlari, inshootlari va qurilmalarini kir qilishi mumkin boʻlgan yuklar va buyumlar, shuningdek, velosiped (yigʻiladigandan tashqari), moped, skuter va boshqa harakatlanish vositalari bilan kirish;
- bekat va harakat tarkibi vagonlarida yoʻlovchilarning kiyimini kir qilishi mumkin boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish;
- yonuvchan gazlar bilan toʻldirilgan sharlarni metropolitenga olib kirish;
- mototsikl va skuterlarda harakatlanish, uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanish;
- bekat hududida, vagonlarda akrobatik va sport mashqlarini bajarish, har хil turdagi sport toʻplarini oʻynash;
- хizmat koʻrsatish (teхnik) хonalarida va maхsus ob’yektlarda video va foto suratga olish;
- poyezd yoʻllariga tushish, teхnologik хonalar va tunnellarga kirish, vagonlar tomiga chiqish, mashinistlar kabinalariga kirish;
- bekat platformalari va vagonlarda savdo-sotiqni amalga oshirish.
Metroda professional foto va videotasvirga olish, shou va boshqa namoyishlarni oʻtkazish metropolinet rahbariyatining yozma roziligi bilan amalga oshiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 11.10.2023 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev.