Tegishli qaror Prezident tomonidan 2020 yil 20 aprelda imzolandi.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasining aхborotiga koʻra 2020 yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 24 aprel kuniga toʻgʻri keladi.
Bu yil yuzaga kelgan epidemiologik vaziyatda Ramazon oyi bilan bogʻliq barcha tadbirlar karantin qoidalariga qat’iy rioya etilgan holda, uy sharoitida, oila davrasida oʻtkazilishi lozim. Ayniqsa, yordamga muhtoj va ehtiyojmand shaхslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, oilalar va mahallalarda mehr-oqibat va oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlash bilan bogʻliq chora-tadbirlarga alohida ahamiyat berilishi lozim.
Mavjud epidemiologik sharoitdan kelib chiqib, diniy-ma’rifiy ruhdagi onlayn suhbat va ma’ruzalar tashkil etish, bu yilgi Ramazon oyini uy sharoitida oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlar haqidagi ma’lumotlarni yoritish tavsiya etildi.