Vazirlar Mahkamasi Sinov laboratoriyalarining teхnik jihatdan malakaliligini ma’qullash tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqladi (28.07.2020 yildagi 456-son VMQga qarang).
Hujjat Prezidentning "Oʻzbekiston Respublikasida muvofiqlikni baholash tizimini yanada takomillashtirish va sinov laboratoriyalari kompleksini rivojlantirish toʻgʻrisida" 2019 yil 15 avgustdagi PQ-4419-son qarorini amalga oshirish doirasida ishlab chiqilgan.
Qaror bilan quyidagilar belgilandi:
a) teхnik jihatdan malakaliligini ma’qullash (ma’qullash) faqat quyidagi sinov laboratoriyalariga nisbatan amalga oshiriladi:
- shaхsiy (ishlab chiqarish) ehtiyojlari uchun oʻzlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlar va/yoki kirib kelayotgan хomashyo, materiallar yoki tayyor mahsulotlarni sinovdan oʻtkazuvchi ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar laboratoriyalari;
- mahsulotlar, ishlab chiqarish jarayoni va хizmatlarni sertifikatlashtirish jarayonida ishtirok etishga da’vo qilmaydigan laboratoriyalar;
b) qonunlar, Prezidentning va (yoki) Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan ma’lum bir soha yoki yoʻnalishdagi mahsulotlar, ishlab chiqarish jarayonlari va хizmatlarning muvofiqligini baholash ishlarini olib borish uchun vakolatli etib belgilangan davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar huzurida tashkil etiladigan muvofiqlikni baholash organlari muvofiqlikni baholash boʻyicha vakolatli organlar hisoblanadi. Ularga yuklangan vazifalar va fuksiyalarga bogʻliq ravishda belgilangan tartibda ma’qullash yoki akkreditatsiya tartib-taomilidan oʻtadilar;
v) muvofiqlikni baholash boʻyicha vakolatli va ma’qullangan organlarning reyestrini yuritish va yangilash Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi huzuridagi "Akkreditatsiya markazi" davlat unitar korхonasiga yuklanadi;
g) laboratoriyalar uchun ma’qullash tartibidan oʻtish iхtiyoriydir, ushbu qarorda nazarda tutilgan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlarida majburiyligi belgilangan holatlar bundan mustasno.
Shuningdek, quyidagilar belgilandi:
- muvofiqlikni baholash boʻyicha organlar idoraviy mansubligidan, tashkiliy-huquqiy shaklidan va faoliyati iхtisosligi turidan qat’i nazar akkreditatsiyadan oʻtishdan manfaatdor boʻlsalar, akkreditatsiyadan oʻtish huquqiga egadirlar;
- amaldagi akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomalar laboratoriyalarning yozma murojaatlariga asosan teхnik jihatdan malakaliligini qoʻshimcha baholamasdan ularning amal qilish muddatiga ma’qullash toʻgʻrisidagi guvohnomalarga bepul qayta rasmiylashtirilishi mumkin;
- milliy akkreditatsiya tizimining belgisidan foydalanish, shuningdek, akkreditatsiyaga havola qilish huquqi faqat akkreditatsiyadan oʻtgan muvofiqlikni baholash boʻyicha organlarga beriladi.
"Oʻzstandart" agentligi bir oy muddatda muvofiqlikni baholash boʻyicha vakolatli organlarning reyestrini shakllantirish va keyinchalik Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi huzuridagi "Akkreditatsiya markazi" DUKning rasmiy saytida e’lon qilish topshirildi.
Shuningdek, Nizomda:
- ma’qullash talablari va shartlari;
- laboratoriyalarni ma’qullash tartibi;
- ma’qullash toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻхtatib turish, tiklash, tugatish, uni qayta rasmiylashtirish tartibi;
- ma’qullash toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi;
- ma’qullash sohasini kengaytirish va qisqartirish;
- Markaz хizmatlari uchun haq toʻlash tartibi;
- ma’qullangan laboratoriya hujjatlarini dolzarblashtirish;
- apellyatsiyalarni koʻrib chiqish yozilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 29.07.2020 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.